23:11 / 21.10.2020
4256
4,5 milliard so‘mdan ortiq tovar moddiy boyliklarini yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinish fosh bo‘ldi

Respublikamiz bojxonachilari tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan olib kirishga urinayotgan shaxslarning qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yishmoqda.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi, “Chuqursoy texnik idora” temir yo‘l chegara-bojxona posti hamda “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari yirik miqdordagi tovar-moddiy boyliklarni hujjatlarda boshqa nom ostida olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinishga chek qo‘yishdi.

Poytaxtimizdagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga chetdan keltirilgan yuklar ortilgan temir yo‘l konteynerining inspeksion ko‘rik majmuasi orqali olingan tasvirlari bojxonachilarning diqqatini tortdi.

Chunki, konteynerdagi mavjud tovarlar tegishli yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlaridagi ma'lumotlarga nomuvofiq ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Hujjatlarga ko‘ra, konteynerda 17 turdagi 20,5 tonnadan ortiq tovarlar – xo‘jalik mollari bo‘lishi lozim edi. Ammo, bojxona ko‘rigi davomida konteynerdagi 26 turdagi 5877 dona tovarlar hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagani fosh bo‘ldi. Ularning umumiy qiymati esa

1 mlrd. 525 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarning qing‘ir rejasi naf berganida edi, davlat budjetiga 78 mln. so‘mga yaqin bojxona to‘lovlari to‘lanardi xolos. Vaholanki, bojxona ko‘rigi davomida aniqlangan mazkur tovarlar uchun aslida 377 mln. so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim.

Shuningdek, yana bir ma'suliyati cheklangan jamiyat nomiga chetdan temir yo‘l konteynerida keltirilgan tovarlarni ko‘zdan kechirish davomida yuqoridagi kabi holat takrorlandi.

Bu gal hujjatlarda mavjud tovarlarga nisbatan nomuvofiqliklardan tashqari, yuk qabul qiluvchilarga doir ma'lumotlar ham o‘zgartirilgani aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, yuklar orasida hujjatlarda ko‘rsatilgan andava va elektrodlar umuman yo‘q, hujjatlarda qayd etilgan boshqa tovarlar esa ko‘rsatilgan miqdordan kam bo‘lgan.

Bojxona ko‘rigi davomida konteynerga yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida umuman ko‘rsatilmagan 45 nomdagi salkam 20 tonna xo‘jalik mollari borligi aniqlandi va ushbu tovarlarning umumiy qiymati 3 mlrd. 20 mln. so‘mni tashkil qildi.

Mazkur tovarlar uchun esa davlat budjetiga undirilishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlari 1 mlrd. 688 mln. so‘mni tashkil qildi. Modomiki, soxta tadbirkorlarning qing‘ir rejasi amalga oshganida edi, hujjatlarda qayd etilgan tovarlar uchun bor-yo‘g‘i 43 mln. so‘m bojxona to‘lovlari to‘lanardi, xolos.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 4,5 mlrd. so‘mdan ortiq tovar-moddiy tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top