07:15 / 21.10.2020
16262
Chekishni tashlashga undovchi faktlar

Chekish, ichkilikbozlik singari illatlar qoralanmaydigan jamiyatlar bo‘lmasa kerak. Lekin shu bilan birga, bu illatlar hech kamaymaydi, ularga ruju qo‘yganlar uncha-munchaga bu odatlarini tark eta olmaydilar. Ayniqsa, chekish odati bugungi pandemiya sharoitida nihoyatda jiddiy muammoga aylandi.

Bu maqola chekuvchilarning bu zararli odatini tashlashiga sababchi bo‘la olishi ehtimoli kam. Ammo chekishni endi boshlaganlar yoki tamakining hidiga ishqiboz bo‘lganlardan kimdir quyidagi faktlar bilan tanishib, sigaretga ruju qo‘ymasligi ham juda muhim.

Unutmang:

  • Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 1,2 mlrd nafarga yaqin kashandalar bor va ularning soni yoshlar va ayollar hisobiga ham muttasil ortib bormoqda.
  • Chekishni tashlashni tasavvur qila olmaydigan ashaddiy tutatuvchilar miokard infarktiga uchrashlari, ya'ni haqiqiy azobni his qilishlari bilan 90 foizdan ortiq hollarda bu odatdan voz kechadilar.
  • Muntazam chekuvchilarning har o‘ninchisi saratondan vafot etadi. Onkologik kasalliklarga uchraganlarning aksariyatini chekuvchilar tashkil qiladi.
  • Chekish boshqa kasalliklarning zararli oqibatlarini karrasiga oshiradi. Masalan, yurak yoki o‘pkaning chekishga bog‘liq bo‘lmagan kasalliklari ham bu illat bilan birga juda og‘ir kechadi.
  • «Keksalikda aqliy zaiflikning oldini olishda chekish qo‘l keladi», degan bema'ni tushuncha saqlanib qolgan. Umuman, zamonaviy tibbiyotda chekishning biror bir ijobiy jihati tasdiqlanmagan.
  • Chekishni tashlash ko‘pchilik o‘ylaganidek qiyin narsa emas. Bu illatdan voz kechganlarning 60 foizi keyinchalik juda oson bo‘lganini, bilganlarida ancha oldin tashlashlari mumkin ekanligini aytishgan.
  • Sigaret qoldig‘i ham zararli. U o‘rtacha 10-15 yilda chirib bitadi va ungacha tushgan joyini zararlab turadi.
  • «Bir gramm nikotin otni o‘ldiradi» degan gap bor. Buning yana bir tushunarli shaklini keltirib o‘tish o‘rinli – 5 dona sigaret tarkibidagi nikotin odamni o‘ldirishga qodir. Yaxshiki organizm bu zararli moddani to‘laligicha o‘zlashtirmaydi, yo‘qsa shu paytgacha kashandalarning bari qirilib bitardi.
  • Tamaki tutuni mishyak, formaldegid, qo‘rg‘oshin, azot oksidi, ammiak kabi qirqdan ortiq kanserogenlar (saraton chaqiruvchilar) saqlaydi. Hatto u bezarar bo‘lganda ham kashanda vujudiga singib ketgani ortidan kelib turuvchi badbo‘y hid barchani behuzur qiladi.
  • AQShning mashhur sigareti reklamasida kovboylar kiyimida suratga tushgan ikki aktyor o‘pka rakidan vafot etishgan.

Chekish va koronavirus

Pandemiya davrida chekish muammosi yangicha tus oldi. Koronavirus dastlabki zarbani o‘pkaga berarkan, chekish natijasida quruqshab borayotgan hayotiy muhim a'zo nisbatan osonroq taslim bo‘ladi.

Bugungi kunda ko‘p kuzatyapmiz – o‘lim sababi sifatida o‘pka yetishmovchiligi ko‘rsatiladi. Bu asorat paydo bo‘lishida aynan chekish odati katta rol o‘ynaydi.

Nega tamaki mahsulotlari sotuvi taqiqlanmaydi?

Chindan ham, shuncha zarari bo‘lgan bu mahsulot sotuvi nega taqiqlab qo‘yilmasligi ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Gap shundaki, biror davlat tamaki mahsulotlar sotuvini to‘xtatsa, darhol kontrabanda boshlanadi, kashandalar har qanday o‘xshash vositalarni cheka boshlaydilar.

Yana bir muhim jihat – turli davlatlarda sigaret qiymatining 70-90 foizi turli soliqlar shaklida davlat g‘aznasiga tushadi. Ya'ni deyarli barcha davlatlar chekishni yo‘qotishga emas, bu mahsulot savdosini nazorat qilib turishga intiladi.

Abror Zohidov

Top