19:06 / 21.10.2020
12491

Levandovski Suaresga qarshi, «Real» va «Liverpul» ishtirokini boshlamoqda. Kun o‘yinlaridagi intrigalar

Bugun Chempionlar ligasining to‘rt guruhida yana 8 uchrashuv o‘tkaziladi.

Foto AFP

A guruhi
Myunxen tarani yoki Madrid devori?

«Bavariya» — «Atletiko»

21 oktabr. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni. 22:00 (Match TV — 23:55).

Yo‘qotishlar:
«Bavariya»: Sane (jarohat), Richards (so‘roq ostida)
«Atletiko»: Vrsalko, Saul, Ximenes (barchasi — jarohatlangan)
Hakam: Oliver (Angliya).

«Zalsburg» — «Lokomotiv»
21 oktabr. Zalsburg. «Red Bull Arena» stadioni. 21:55 (Match TV — 21.45).

Yo‘qotishlar:
«Zalsburg»: Bernede, Diakite, Diarra (barchasi — jarohatlangan), Ramalyu (so‘roq ostida)
«Lokomotiv»: Barinov, Ignatev, Magkeyev, Raykovich (barchasi — jarohatlangan)
Hakam: Gezyubuyuk (Niderlandiya).

Amaldagi chempion ishtirokidagi o‘yin birinchi turning markaziy o‘yini bo‘ladi. Amaldagi chempion va ko‘p yillardan buyon Chempionlar kubogini boshi uzra ko‘tarish orzusida yashayotgan klub to‘qnashuvi pley-off bosqichini ham bezagan bo‘lardi. Ammo bu oqshom Myunxenda yorqin o‘yin guvohi bo‘lamizmi? «Bavariya» va «Atletiko» hujum chizig‘i vakillari — Robert Levandovski va Luis Suaresga qarab bunga shubha yo‘q deyish mumkin. Polshalik futbolchi bu mavsumda ham Bundesliga to‘purarlari poygasini boshqarmoqda, urugvaylik hujumchi esa — La Ligada bu boradagi reyting yetakchilaridan biri.

Boshqa tomondan, Hans Flik raqibni yanchib tashlashni ma'qul ko‘radigan murabbiylar sirasidan, myunxenliklar so‘nggi to‘rt uchrashuvining har birida kamida uchtadan gol urmoqda. O‘z navbatida, Diyego Simeone — raqib o‘yinini buzishda ustasi faranglardan hisoblanadi. «Atletiko» va «Bavariya» o‘rtasidagi avvalgi uchrashuvlarda ikki jamoa ham o‘z maydonida bitta to‘p farqi bilan g‘alabalarga erishgan, bu jamoalar o‘yinlarida muxlislar faqat bir marta 90 daqiqa davomida bittadan ortiq golga guvoh bo‘lishgan (2016 yil 3 mayida — 2:1). Albatta, darvozada kimlar turganini hisob olsak, bu hayratlanarli ko‘rsatkich emas, Noyyer va Oblak so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli darvozabonlar qatorida.

Flik o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida «matraschilar»ning mudofaa chizig‘i kuchli ekaniga, madridliklar to‘p yo‘qotilganida qanchalar agressiv harakatlanishlariga urg‘u qaratdi. Aytish kerakki, pressingda barcha, hatto hujum chizig‘i vakillari ham ishtirok etishadi, lekin chorshanba oqshomida raqib kayfiyatini buzishda benazir bo‘lgan Diyego Kosta maydonda bo‘lmaydi. Ushbu forvard «Selta» bilan o‘yinda jarohatlandi va u keyingi turda Moskvada «Lokomotiv»ga qarshi kechadigan o‘yinda ham ishtirok eta olmaydi. «Bavariya» esa hujum chizig‘i vakillaridan biri Gnabridan ayrilgan, uning koronavirusni aniqlash uchun topshirgan testi musbat natija bergan.

V guruhi
Zidan va Kontening oyog‘idan chalishadimi?

«Real» — «Shaxtyor»
21 oktabr. Madrid. «Alfredo di Stefano» stadioni. 21:55 (Match Premer — 21.50).

Yo‘qotishlar:
«Real»: Azar, Karvaxal, Odriosola, Edegor, Ramos (barchasi — jarohatlangan)
«Shaxtyor»: Ismaili, Konoplyanka, Krivsov, Malishev (barchasi — jarohatlangan), Junior Moraes, Matviyenko (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Yovanovich (Serbiya).

«Inter» — «Borussiya» M
21 oktabr. Milan. «Juzeppe Meatssa» stadioni. 00:00 (Match Igra — 23.45).

Yo‘qotishlar:
«Inter»: Vesino (jarohatlangan), Bastoni, Galyardini, Nainggolan, Radu, Shkrinyar, Yang (barchasi — kasallangan)
«Borussiya» M: Poulsen (jarohatlangan), Beyyer, Benesh, Vilyalba, Dukure, Zakariya, Lazaro (barchasi — so‘roq ostida)
Hakam: Kaypers (Niderlandiya).

Bu kvartetda ikki o‘yin ham bir-biriga o‘xshab ketadi. Guruhning ikki favoriti o‘z maydonida Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashuvchi jamoalarni qabul qiladi. Aslida, «Shaxtyor» ham, Menxengladbaxning «Borussiya»si ham nafaqat grandlarning asabiga o‘ynashga, balki ularning birini asosiy yevrokubok pley-offidan bebahra qoldirishga qodir hisoblanadi.

«Real»ning o‘yinlari hozirda ishonchli ko‘rinmayapti, jamoa o‘tgan hafta oxirida La Liga doirasida «Kadis»ga qarshi o‘yinda sensatsion ravishda mag‘lub bo‘ldi, qolaversa, jamoa yetakchisi Serxio Ramos jarohat olib, lazaretdagilar safini to‘ldirdi. Sardordan tashqari «xrustal oyoq» Azar, bu mavsum jamoaga qaytgan Edegor, shuningdek, asosiy qanot himoyachilari — Karvaxal va Odriosola ham jarohatlarini davolashmoqda. Zinedin Zidan o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida shogirdlarini ilhomlantiruvchi chiqish qildi. «Qiyin pallalarda biz ajoyib jamoa ekanimizni ko‘rsatganmiz. Biz mavsumni bundan ham yaxshiroq boshlashimiz mumkin edi, ammo biz yana o‘z ustimizda ishlaymiz, bunisi aniq. Barchada ham mavsum boshida qiyinchilik bo‘ladi, biz barchasini yengib o‘tamiz», deya qayd etdi «Real» ustozi.

Balki yaqinda «Shaxtyor» safida kasallik avj olgani madridliklarga yordam berar, virus tufayli «konchilar» safarga olib ketish uchun tarkib yig‘ishga qiynalib qolishdi. Umuman olganda, ijrochilar bo‘yicha keng tanlovga ega bo‘lishning o‘zi hech narsani kafolatlamaydi. Yaqqol misol, Antonio Konte. U yana tanqidlar yomg‘iri ostida qoldi. Masalan, muxlislar murabbiyni Kolarovni olib kelgani uchun ham ayblashmoqda. A Seriya startidagi zafarlardan keyin «Inter» ko‘pchilik bo‘lib o‘ynab «Latsio» bilan o‘yinda g‘alabani boy berdi (1:1) hamda Milan derbisida yutqazdi (1:2). Chempionlar ligasi — jamoaga o‘zini oqlab olish uchun imkon.

Qolaversa, o‘tgan yili qora-ko‘klar guruhdan chiqa olishmagandi, keyin Yevropa Ligasi finalida «Sevilya»ga yutqazishdi. Garchi Konte ikkinchi darajali yevrokubokning pley-off bosqichini jamoa uchun foydali deb hisoblagan bo‘lsada. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘yinlar «Inter»ga yangi mavsumga tayyorgarlik vazifasini o‘tab bergan, murabbiy Vidalning kelishini ham jamoani kuchaytirgan omillardan biri sifatida atagan.

D guruhi
«Atalanta» alamini kuchsiz raqibdan olmoqchi, «Liverpul» van Deyksiz

«Midtyullann» — «Atalanta»
21 oktabr. Herning. «MSX Arena» stadioni. 00:00 (Match Futbol 3 — 23.45).

Yo‘qotishlar:
«Midtyullann»: Olsen, Riis (ikkisi — jarohatlangan)
«Atalanta»: Gollini, Kaldara (ikkisi — jarohatlangan)
Hakam: Diash (Portugaliya).

«Ayaks» — «Liverpul»
21 oktabr. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni. 00:00 (Match Futbol 1 — 23.50).

Yo‘qotishlar:
«Ayaks»: —
«Liverpul»: van Deyk, Oksleyd-Chemberlen (ikkisi — jarohatlangan), Alisson, Keyta, Tiagu Alkantara, Matip, Tsimikas (barchasi — so‘roq ostida)
Hakam: Brix (Germaniya).

«Atalanta» barchani o‘z o‘yini mukammalligiga shunchalik o‘rgatib qo‘ygandiki, Neapolda qanday qilib 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchralganini hech kim tushunmay qoldi. Bosh murabbiy Jan Pero Gasperini esa Neapoldagi fiaskodan kerakli xulosalar chiqarilganini aytmoqda. U rossiyalik yarimhimoyachi Aleksey Miranchukni oldindagi o‘yin zayavkasiga qo‘shgan, bu futbolchi aynan Daniyada bergamoliklar safida debyut qilishi ham mumkin. U bilan bitta pozitsiyada harakatlanuvchi Ilichich hali formasini tiklamadi, u har uch o‘yinda maydonga tushishga tayyor bo‘lmasligi aniq. Bundan tashqari, chorshanba oqshomida Malinovskiy ham maydonga tushmaydi, u hafta boshida individual dastur bo‘yicha shug‘ullanishni boshlagandi.

Bu guruhdagi ikkinchi juftlikda «Liverpul»ning borligi o‘z  o‘zidan qiziqishni oshirib yuboradi, bu jamoa hali ham inqirozdan chiqa olmagan. Jamoa Liga Kubogini tig‘iz taqvim tufayli ataylab tark etgan deb hisoblasak ham, ichki chempionatda «Aston Villa»dan uchralgan 2:7 hisobidagi mag‘lubiyatni va «Everton»ga qarshi derbida g‘alaba qo‘ldan boy berilishini (2:2) oqlovchi sabablar yo‘q. Barcha tushunib turibdiki, Alissonsiz jamoa og‘ir ahvolga tushib qoladi, qolaversa, Yurgen Klopp van Deyk yo‘qligini bilintirmaslik choralarini topishi kerak.

Jamoaning boshqa futbolchilari bosqichma-bosqich tiklanmoqda. Keyta koronavirusga test topshirgan va u o‘yinga tushishga tayyor. Matip ham o‘yinoldi mashg‘ulotlarida yuzida tabassum bilan qatnashdi. Tiagu Alkantaraning holati hozircha aniq emas, Klopp Alisson va Oksleyd-Chemberlen ham safdan qaytayotganini aytib o‘tgan. Germaniyalik mutaxassis jamoada barchasi joyida ekani haqida tasavvur uyg‘otishga harakat qilmoqda, ammo bu qanchalik to‘g‘riligini «Ayaks»ga qarshi o‘yindan keyin bilib olamiz.

S guruhi

«Manchester Siti» — «Portu»
21 oktabr. Manchester. «Etihad» stadioni. 00:00 (Match Futbol 2).

Yo‘qotishlar:
«Manchester Siti»: De Breyne, Jyezus, Lyaport, Mendi (barchasi — jarohatlangan), Zinchenko (savol ostida)
«Portu»: Mbayye (jarohatlangan)
Hakam: Treymanis (Latviya).

«Olimpiakos» — «Marsel»
21 oktabr. Pirey. «Georgios Karaiskakis» stadioni. 00:00 (Match Futbol 2 — 0.00).

Yo‘qotishlar:
«Olimpiakos» P: —
«Marsel»: —
Hakam: Orsato (Italiya).

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top