07:35 / 21.10.2020
3015
Nyu-York ma'muriyati saylovlardan keyin yuz berishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarga tayyorlanmoqda
Foto: AP Photo

Nyu-York shahri ma'muriyati 3 noyabrda AQShda o‘tadigan prezident saylovlaridan keyin tartibsizliklar yuz berishi mumkin deb hisoblamoqda va ularga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda shahar meri Bill de Blazio ma'lum qildi. 

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp saylovlarda yutqazadigan bo‘lsa, hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishi haqida jurnalistlar bergan savollarga bir necha marta javob qaytarmagan va saylovlarda g‘alaba qozonishini aytgan. Bu orada Nyu-York shahrida Nyu-York shtatidagi kabi ko‘pchilik an'anaviy ravishda Demokratik partiyani va uning nomzodlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Agar prezident Tramp demokratiyaga putur yetkazib, odamlar istagini to‘xtatishga harakat qilsa, Nyu-York aholisi ko‘chalarga chiqib, bunga qarshi kurashishi mumkin. Biroq shu bilan birga, Tramp tarafdorlari ham namoyishlarga chiqishi mumkin”, deb aytgan de Blazio.

Merning ta'kidlashicha, u tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish masalasini shahar politsiyasi boshlig‘i Dermot Shi bilan muhokama qilgan. “Bu saylovlarda ovozlar uzoq yoki qayta hisob-kitob qilinsa ajablanmayman. Ko‘plab odamlar o‘z fikrini bildirishga harakat qiladi. Biz norozilik bildirish huquqini himoya qilishimiz kerak. Biz ko‘plab noroziliklar bo‘lishini kutmoqdamiz va bunga tayyor turmog‘imiz lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan Nyu-York meri. 

Uning aytishicha, biror kim kuch ishlatishga harakat qilsa, hokimiyat buni to‘xtatishi kerak.

Avvalroq Nyu-York politsiyasi boshlig‘i xodimlarga prezident saylovlaridan oldin va keyin o‘tishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarga tayyor turishni buyurgan. 

AQShda prezident saylovlari 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Hozirda bir qator shtatlarda muddatdan oldin ovoz berish boshlanib bo‘lgan. Saylovlarda amaldagi prezident Donald Tramp va demokratlardan nomzod Jo Bayden kurash olib boradi.

Top