15:12 / 21.10.2020
13115
Senatorlar karantinni buzgan haydovchilar mashinalarining jarima maydoniga qo‘yilishiga rozi bo‘ldi

Qonunchilikka kiritilayotgan bu yangilik «amaliyot va hujjatlar o‘rtasidagi farqni bartaraf etish zarurati» bilan izohlandi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun ma'qullandi. Unga ko‘ra, karantin qoidalarini buzib harakatlangan avtomobillarni jarima maydonchalarida ushlab turish qonuniylashtirildi.

Senatning Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘liyev shu va boshqa bir nechta o‘zgartishni «qonunchilikni takomillashtirish, amaliyot va hujjatlar o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish zarurati» bilan izohladi.

Qonun bilan MJtKda nazarda tutilgan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma'muriy jazo qo‘llash vakolatlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan bir qatorda ichki ishlar organlariga ham beriladi.

Shuningdek, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari bilan bir vaqtda DYHXX xodimlari ham transport vositasidan turib axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish holatlari uchun ma'muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi.

«O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kunlik zararlanishlar soni ko‘p miqdorda aniqlanayotgani tegishli choralar ko‘rilishini taqozo etmoqda. Bu esa o‘z navbatida milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Ma'lumki, fuqarolarni har qanday tartib-qoida hamda xavf-xatarning oldini olishga yo‘naltirilgan kompleks choralarga rioya qilmaslik yoxud ularni buzganlik uchun javobgarlikka tortish hamda ularga jazo belgilash faqat qonun bilan belgilangan normalarga asosan amalga oshiriladi.

Foto: Senat axborot xizmati

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, ya'ni karantin choralarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan javobgarlik me'yorlariga muvofiq, epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzganlik uchun 635 mingdan ortiq ma'muriy huquqbuzarliklar rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 74 foizi ichki ishlar, 24 foizi Milliy gvardiya, 2 foizi esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati organlari tomonidan aniqlangan.

O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ichki ishlar organlari tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan to‘plangan hujjatlar yakuniy qaror qabul qilish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yuborilmoqda. Lekin uning quyi tizimlarida kuch va boshqa vositalari, imkoniyatlari cheklangani va boshqa bir qator omillar aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlashga to‘sqinlik qilinmoqda. Shuning uchun qayd etilgan tafovutni bartaraf etish maqsadida mazkur qonun ishlab chiqildi», – deya Shuhrat Cho‘lliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Ishimiz jazolash yoki jarima undirishdangina iborat bo‘lib qolishi kerak emas»

Yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva yangi qonunga munosabat bildirdi.

Foto: Senat axborot xizmati

«Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqiqatda bugungi kunda juda ham muhim. Chunki pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy hayot tarzimizni karantin qoidalariga to‘liq moslashtirishga majbur bo‘lyapmiz. Bundan buyon koronavirus bilan birga yashashga, ishlashga o‘rganishimiz kerak. Bu esa qonunchiligimizga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda. Hali yana ko‘plab qonunlarimizga qo‘shimchalar kiritishimiz kerak.

Karantin davrida epedimiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish holatlari juda ko‘paygan. Bu holat tashvishlanarli. Boisi bunday huquqbuzarliklarning sodir etilishi, eng avvalo, bunga qo‘l urayotgan odamning o‘ziga, qolaversa, uning atrofidagilarga ham ziyon keltiradi. Shunga ko‘ra epidemiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini shakllantirish, sohada qat'iy intizomni yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.

Lekin shu bilan birgalikda ichki ishlar organlari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlariga bitta narsani alohida eslatib o‘tmoqchiman. Javobgarlikka tortishdan asosiy maqsad shaxsni jazolash emas, balki qonunlarga rioya qilish madaniyatini shakllantirishdir, shu tamoyil doimo ustuvor bo‘lishi kerak. Ishimiz kimnidir javobgarlikka tortish, jazolash yoki jarimalarni undirishdangina iborat bo‘lib qolishi kerak emas. Aks holda huquqbuzarlik darajasi ham, huquqbuzarliklar soni ham aslo kamaymaydi», – dedi Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, karantin davrida ruxsat etilmagan vaqtlarda stikersiz transport vositalaridan foydalangan shaxslarga MJTKning 54-moddasiga asosan ma'muriy jarima qo‘llangan hamda avtomobillar Respublika maxsus komissiyasining 4 apreldagi qaroriga asosan istisno tariqasida YPX xodimlari tomonidan jarima maydonchasida ushlab turilgan edi.

Top