20:27 / 21.10.2020
51115
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari vafot etdi

Toshkent viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Bahodirbek Mullaxonov vafot etdi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ushbu o‘lim holatini tasdiqlab, ta'ziya bildirgan.

«Ajoyib inson, kamtar va bilimli rahbar Bahodirbek Mullaxonov mehnat faoliyati davomida xalq xo‘jaligining turli sohalarida sidqidildan mehnat qilgan. Xususan, yurtimizda bank-moliya sohasining rivojlanishida uning munosib xizmatlari borligini soha xodimlari yaxshi bilar va chuqur qadrlar edi. 

U Toshkent viloyati hokimligida ishlagan nisbatan qisqa muddatda ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga boshchilik qilgan, hamkasblari o‘rtasida ardoqli ustoz va do‘st sifatida katta hurmat qozongan edi. 

Bahodirbek Mullaxonovning oila a'zolari, yaqinlari va safdoshlariga chuqur ta'ziya bildiramiz. Hamkasbimiz va do‘stimiz ajoyib inson Bahodirbek Mullaxonovning yorqin xotirasi qalbimizda bir umr saqlanib qoladi», deyiladi hokimlik matbuot xizmati xabarida.

Bahodir Mullaxonov 2015 yildan «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi sifatida ishlagan, 2020 yilning fevralida Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

  • Ma'lumot uchun, pandemiya davrida hududiy rahbarlar orasida bir necha o‘lim holatlari qayd etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, senator Musa Yerniyazov, Buxoro viloyati hokimi Karim Kamalov, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev koronavirus tufayli vafot etgan.
  • Iyul oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Tolibayev koronavirus qurboni bo‘lgandi. 8 sentabr kuni Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev va uning o‘rinbosarlaridan biri koronavirus asoratlari oqibatida vafot etdi. 
  • Sentabr oyi boshida Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Oybek Xo‘jayev vafot etgandi.
  • 29 sentabr kuni Andijon viloyatidagi Xonobod shahri hokimi Musaxon Mamadaliyev vafot etgani ma'lum bo‘ldi.
  • 7 oktabr kuni Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Bahromjon Nurmatov hamda Andijon viloyati Oltinko‘l tumani hokimi Nazirjon O‘rinboyev kasallik oqibatida olamdan o‘tgani xabar qilindi.
  • 19 oktabr kuni esa Samarqand viloyati va Qo‘shrabot tumanining sobiq hokimi, so‘nggi yillarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan A'zamxon Bahromov 60 yoshida vafot etdi. 
Top