14:12 / 21.10.2020
13991

Xufyona iqtisodiyot 8 trillion so‘mga yaqin mablag‘lar davlat budjetiga tushmay qolishiga sabab bo‘lyapti – Soliq qo‘mitasi

Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Qonun yuzasidan Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev so‘zga chiqdi.

Muhokamalar davomida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev soliq organlari tomonidan o‘tkazilayotgan tekshirishlarning salmog‘i qancha, tekshirishlarning kamayishi hisobiga soliq tushumlarining miqdoriga salbiy ta'sir bo‘lyaptimi yoki yo‘qmi deya berilgan savolga javob berdi.

«2020 yilning 1 yanvaridan yangi Soliq kodeksi kuchga kirdi. Yangi Soliq kodeksiga asosan har qanday tekshiruvlar tahlikali tahlil dasturi asosida amalga oshiriladi.

Oldingi tekshirishlar bilan yangi tizimning farqi nimada deganda, oldin har uch yilda korxonalar ro‘yxati shakllantirilardi. U majburiy tekshirilardi. Soliq organlari tomonidan tadbirkorlarga xatosi bo‘lmasa ham xato qidirishga majbur bo‘lardi. Xatosiz kelsa, u yaxshi soliq organi hisoblanmasdi.

Yangi tizimning eng asosiy maqsadi – tadbirkorlarni jazolash emas. Tadbirkorlarga ko‘mak berish, ularning xato, kamchiliklarini ko‘rsatib, uni bartaraf etish», dedi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Mubin Mirzayev xufyona iqtisodiyot ulushi haqida gapirdi.

«Haqiqatan ham bizda xufyona iqtisodiyotning ulushi katta. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, YaIMga nisbatan deyarli 49 foizga yaqin xufyona iqtisodiyotni tashkil etyapti. Buning natijasida deyarli 8 trillion so‘mga yaqin mablag‘lar davlat budjetiga tushmay qolyapti.

Joriy yilning 9 oyi davomida kameral nazorat natijasida birgina yirik soliq to‘lovchilardan deyarli 6 trillion so‘mga yaqin mablag‘larni kameral natijasida hisoblab, xato-kamchiliklarni soliq to‘lovchilarga ko‘rsatib berdik va ularning 30 foizi, ya'ni 2 trillion so‘mga yaqin mablag‘lar ular tomonidan bartaraf etilib, davlat budjetiga to‘lab berildi. Biz 9 oylik natijalarga ko‘ra, davlat budjetiga deyarli 73 trillion so‘mdan ortiq mablag‘larni undirib, davlat budjetiga tushirtirish imkoniyatiga ega bo‘ldik», dedi u.

Ta'kidlanishicha, mazkur qonun bilan amaldagi 11ta qonun va 2ta kodeks talablari Soliq kodeksiga moslashtirilmoqda.

Jumladan, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi kabi qonunlar va Budjet kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining amalga kiritilishi tadbirkorlik sub'yektlari uchun qator qulayliklarni yaratmoqda.

Xususan, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish kiritilib, tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklarini tekshirishning amaldagi tartibi bekor qilinib, tekshirish talabi Soliq kodeksiga moslashtirilmoqda.

Endi tadbirkorlik sub'yektlarini tekshirish «xavfni tahlil etish» tizimi natijalari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan buyon soliqlarning kameral tekshiruvidan boshqa barcha tekshirishlar elektron tizimda ro‘yxatga olinadi.

Qonunning ma'qullanishi amalda bir-biriga zid bo‘lgan qonunchilik talablariga barham beribgina qolmay, tadbirkorlik sub'yektlari va aholiga qulaylik yaratadi va xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng mazkur qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top