16:34 / 22.10.2020
5281
Bolalar sut idishi silkitilganda, millionlab zarralar ajralishi aniqlandi. Bu salomatlik uchun xavflimi?

1 litrli oziqlantiruvchi plastik idishda bolalar ozuqasi tayyorlanganda 4 million kichik plastik zarralar idish ichiga ajralib chiqishi aniqlandi. Ushbu mikroplastiklar bolalar salomatligiga xavf solish-solmasligi haqida esa hozircha aniq ma'lumot yo‘q.

Foto: Getty Images

Irlandiyada olimlar bolalar ozuqasining idishi qaynatilganda ajralib chiqadigan mikroplastiklarni tekshirib ko‘rishdi.

Tadqiqotchilar yangi plastik idishlarni tozalab sterilladilar. So‘ng idishni quritib, unga 70°C darajada (bolalar sut aralashmasini tayyorlash uchun JSST tomonidan tavsiya etilgan harorat) qizigan suv quydilar.

Ozuqani aralashtirish uchun idishlarni bir daqiqaga mexanik chayqatgichga qo‘ydilar. Tayyor bo‘lgan suv filtrlanib, mikroskopda tahlil qilinganda 1 litrga o‘rtacha 4 million mikroplastik zarralar oqib tushayotgani aniqlandi.

«Bunday miqdorda zarralar ajralishi bizni ajablantirdi. Ilgari plastiklarning bunday tez yemirilishi aniqlanmagan», – deydi tadqiqotchi Jon Boland.

Tadqiqotchilar suvni yuqoriroq haroratda qaynatib ko‘rishganda, zarrachalar to‘kilishi tezlashgani aniqlandi. Bu esa plastikning yemirilishi haroratga bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, plastik choy paketlari ham stakanga milliardlab mikroplastik zarralar tushiradi. Ammo mikroplastiklarni iste'mol qilish inson salomatligiga ta'sir etadimi yoki yo‘qmi, hali ham aniq emas.

Odatda zararli bakteriyalarni yo‘q qilish uchun idishlarni sterilizatsiya qilish va bolalar aralashmasini qizdirish tavsiya etiladi.

«Bolaning sog‘lig‘i uchun ko‘proq bakteriya xavflimi yoki plastik bo‘lakchalarmi? Avvalo shu savolga javob topishimiz kerak», deydi niderlandiyalik olim Ingebor Kyuter.

Tadqiqot xulosasida aytilishicha, agar ota-onalar plastik idishning zararsizligiga to‘liq ishonch hosil qilishmasa, ozuqani alohida plastik bo‘lmagan idishda tayyorlab, sterilizatsiyadan so‘ng chaqaloqning idishiga solishlari mumkin.

Top