17:18 / 22.10.2020
1699
Iqtisodiy o‘sish inqirozdan oldingi darajaga yetishi nisbatan uzoqroq vaqt talab qilishi mumkin - MB raisi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Boshqaruv yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida 2020 yilning III choragida iqtisodiy o‘sishning bosqichma-bosqich tiklanishi va iqtisodiy faollikning jonlanishi tendensiyalari kuzatilayotgani haqida gapirdi.

«III chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish birinchi yarim yillikka nisbatan biroz tezlashib, 0,4 foizni tashkil etdi. So‘nggi oylarda iqtisodiy faollikni jonlantirish bilan birga aholining daromadlari ham tiklanib bormoqda.

Bu biz uchun ijobiy holat. Buning natijasida kutilayotgan narsa – yalpi talab ham bosqichma-bosqich tiklanib, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi asosiy omillardan biriga aylanib qoladi. Biroq iqtisodiyotning ayrim sohalarida, jumladan, sanoat, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida to‘liq tiklanish kuzatilmayotgani sababli iqtisodiy o‘sishning inqirozdan oldingi darajasiga yetishi nisbatan uzoqroq vaqt talab qilishi mumkin», dedi Markaziy bank raisi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi 2,7 foiz bandga qisqargan bo‘lsa, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining o‘sish sur'ati 1,8 foizgacha pasaydi. Qishloq xo‘jaligida esa, aksincha, ijobiy dinamika kuzatilib, o‘sish sur'ati 2019 yilning mos davriga nisbatan tezlashdi va 3,4 foizni tashkil etdi.  

Banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalarning umumiy soni iyul-avgust oylaridagi pasayishdan so‘ng sentabr oyida tiklana boshladi va o‘tgan oyga nisbatan 6,3 foizga oshdi. 

Avgust-sentabr oylari davomida savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasida naqd pul tushumlari hajmi o‘sishi tiklanishi kuzatildi. Sentabr oyida naqd pul ko‘rinishidagi tushumlar va boshqa daromadlar hajmi o‘tgan oyga nisbatan 23,2 foizga oshgan bo‘lsa (shu yilning yanvar oyiga nisbatan 5,9 foizga), oktabr oyida o‘rtacha kunlik o‘sish sur'ati sentyabrga nisbatan 6,3 foizni tashkil etdi.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda iqtisodiyot tarmoqlarda kutilayotgan o‘sish tendensiyalari va 2019 yilning IV choragida oldingi choraklarga nisbatan iqtisodiy o‘sish sur'atlarining pastroq bo‘lganini hisobga olgan holda 2020 yil yakuni bo‘yicha YaIM o‘sish sur'ati 1-1,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Top