08:21 / 22.10.2020
4276
«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun e'lon qilindi 

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun e'lon qilindi. U 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Foto: Depositphotos

Hujjat 2008 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning o‘rnini bosadi.
 
Norma’ning yozishicha, qonunda quyidagi asosiy jihatlar tartibga solingan:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmatini ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish; nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik; insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi; nogironligi bo‘lgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va o‘z individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish; obektlar va xizmatlarning qulayligi; 
  • sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va vakolatli organlarning vakolatlari: Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash, shuningdek ularga ko‘mak ko‘rsatuvchi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va NNTlar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning bazaviy huquqlari: shaxsiy hayot daxlsizligi; oilaga va oila muhitiga bo‘lgan huquq; fuqarolik va erkin harakatlanish huquqi; uy-joyga bo‘lgan huquq; davlat organlariga, tashkilotlariga va ularning mansabdor shaxslariga murojaat qilish huquqi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ta'lim olishi, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligi masalalari alohida qayd etiladi;
  • davlat tomonidan beriladigan kafolatlar: ijtimoiy infratuzilma obektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish; transport vositalarining va yo‘l infratuzilmasining qulayligi, mehmonxona xonalarining qulayligi, axborotdan foydalanish;
  • fuqaroni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish tartibi, uni yakka tartibda reabilitatsiya qilish hamda abilitatsiya qilish (jamiyatda hayot kechirishga moslashish uchun organizmning mavjud bo‘lmagan yoki yo‘qotilgan funksiyalarini shakllantirish bo‘yicha tuzatish chora-tadbirlari kompleksi);
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘lig‘ini saqlash, ularga ijtimoiy yordam va ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar. Bunda ijtimoiy yordam hokimiyatlar, sog‘liqni saqlash, xalq ta'limi organlari, boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining – sog‘liq saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, xayriya va boshqa organlarning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va NNTlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokidagi xulosalari asosida ko‘rsatiladi.

Davlat zamonaviy protez-ortopediya moslamalarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Shu jumladan ushbu sohada biznes uchun preferensiyalar belgilaydi.
 
Hisobot davri yakunlari bo‘yicha qaysi tadbirkorlik sub'yektining tushumi umumiy hajmining kamida 30 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun protez-ortopediya moslamalarini va anjomlarini ishlab chiqarishdan, shuningdek ularga ortopedik protezlash moslamalarini va anjomlarini ta'mirlash hamda xizmat ko‘rsatishdan kelib tushgan bo‘lsa, o‘sha tadbirkorlik sub'yekti quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • o‘zi kiritgan takliflar tanlov savdolari boshqa ishtirokchilarining takliflari bilan teng bo‘lgan taqdirda xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlarini va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki obektlarini «nol» xarid qiymati bo‘yicha realizatsiya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tanlov savdolari natijalariga ko‘ra kontrakt tuzishga doir ustunlik;
  • davlat mulki obekti uchun mazkur obektning ijara haqi stavkasi eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida ijara haqi to‘lash.  

Qonun 17.01.2021 yildan kuchga kiradi. 

Top