19:53 / 22.10.2020
5883
Oltin narxi o‘sishi milliy valutamiz kursiga bevosita ta'sirga ega emas - Mamarizo Nurmuratov

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov eksportning 45 foizdan ortig‘ini oltin tashkil qilishi uzoq muddatli istiqbolda so‘mga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi savolga javob qaytardi.

«Oltin narxining o‘sishi milliy valutamiz kursiga bevosita ta'sirga ega emas. Chunki oltinni jahondagi joriy narxlarda sotib olamiz. Bu narx oshishidan keladigan jami foydaga ishlab chiqaruvchi ega bo‘lishini anglatadi. Buni ularning daromadlari va davlat budjeti daromadlari ortishida ko‘rishimiz mumkin.

Joriy yilda [oltin] narxining ortishi hisob-kitoblarimizga ko‘ra, iqtisodiyotga qo‘shimcha 24 trln so‘m miqdorida qo‘shimcha daromad olib keladi.

Bu faqat narxning o‘sishi hisobiga. Biroq bu daromadga bevosita ishlab chiqaruvchilar, ular orqali budjet ega bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, oltin narxi o‘zgarishining milliy valuta ayirboshlash kursiga bevosita ta'sirini ko‘rmayapmiz. Bunday bo‘lishiga sabab - jahon narxlarida sotib olayotganimiz va kelib tushayotgan valutani neytrallik tamoyilidan kelib chiqib, o‘sha narxda sotamiz. Bu yerda kursga ta'sir sezilmaydi», dedi Markaziy bank raisi.

Markaziy bank raisi rubl qadrsizlanayotganining so‘mga nisbatan ta'siri haqidagi savolga ham javob berdi.

«Haqiqatan ham bu ta'sir seziladi. Bu o‘zbek iqtisodiyotiga ikki xil ta'sir qiladi. Birinchi navbatda, pul o‘tkazmalarining kamayishi.

[Joriy yilning] 9 oyida pul o‘tkazmalarining kamayishi bor-yo‘g‘i 4 foizni tashkil qildi. Uni mamlakatlar kesimida ko‘riladigan bo‘lsa, Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari kamayishi ko‘rsatkichi 11 foizni tashkil qildi. Bu yerda rublning kuchsizlanishi asosiy rol o‘ynadi. Ya'ni, bu valuta pul o‘tkazmalari kamayishiga ta'sir qildi.

Ikkinchisi, eksportchilarimiz rubl kursining o‘zgarishidan muayyan darajada yutqazadi. Buni istaymizmi,yo‘qmi, bizning tovarlarimiz Rossiya bozorlarida rublda baholanadi. Tabiiyki, bu eksportchilarimiz daromadlarida o‘z aksini topadi. Biz buni allaqachon ko‘ryapmiz, his qilyapmiz. Buni eksport hajmlarini oshirish hisobiga qoplaymiz», deya Mamarizo Nurmuratovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top