12:07 / 22.10.2020
5857
Toshkent aeroportida xorijdan kelgan fuqarolardan sotish uchun iPhone'larni yig‘ib olayotgan shaxs ushlandi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida ma'lumot berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkent xalqaro aeroporti avtoturargohi hududida umumiy qiymati 161,3 million so‘mlik 14 dona qimmatbaho uyali telefonlarni keyinchalik qayta sotish maqsadida xorijiy reys bilan uchib kelgan fuqarolardan yig‘ib olayotgan fuqaro B.A. ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan o‘tkazildi.

Yashirilgan zargarlik buyumlari «yashil» yo‘lakdan o‘tolmadi

Toshkent xalqaro aeroportiga xorijiy aviareys bilan uchib kelgan ikki nafar fuqaro F.Sh. va X.M. larning qo‘l yuklari o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, yuklar orasida jismoniy shaxslar uchun bojxona to‘lovlarisiz olib o‘tish me'yoridan ortiq bo‘lgan va bojxona nazoratidan yashirilgan, kumushdan yasalgan og‘irligi 1240 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

113 million so‘mlik tibbiy buyumlar va virus blokatorlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda dori-darmon vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tezkor tadbir davomida, fuqaro S.B. boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, ushbu avtomashinada umumiy qiymati 113 million so‘mlik, sifati kafolatlanmagan tibbiyot vositalari va virusga qarshi blokatorlar borligi aniqlandi.

«Volvo»dagi televizor rejasi ish bermadi

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tovar-moddiy boyliklarining yashirin aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida fuqaro B.X. boshqaruvidagi «Volvo» rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning yukxonasida hech qanday hujjatlari va maxsus identifikatsion belgili markirovkalari bo‘lmagan, umumiy qiymati 63,5 million so‘mlik 37 dona televizor borligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top