10:10 / 22.10.2020
2735
Yangi texnologiyalar sababli 5 yil ichida 85 million kishi ishsiz qolishi mumkin

Texnologiyalar dunyoni va mehnat bozorini o‘zgartirmoqda. Yangi texnologiyalar dunyoda 85 mln kishini ishsiz qoldirishi mumkin. Biroq keyingi 5 yil ichida texnologiyalar rivojlanishi hisobiga maxsus malakalarni talab qiluvchi yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishi mumkin.

Dunyoning 26 ta davlatida 2025 yilgacha yangi texnologiyalar tatbiq qilinishi sababli 85 mln kishi ishsiz qolishi mumkin. Shu bilan birga yangi texnologiya va algoritmlar tatbiq qilinishi hisobiga shu davr ichida 97 mlnta yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi mumkin.

Bundan Jahon iqtisodiy forumining The Future of Jobs 2020 (Ish o‘rinlarining kelajagi 2020) deb nomlangan ma'ruzasi darak bermoqda. Ma'ruza forumning turli sohalarda faoliyat yurituvchi 300 ta yirik kompaniya boshqaruvchilari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnomasi asosida tuzilgan.  

Yuqoridagi raqamlar odamlar robot yoki maxsus dasturlar bilan shunchaki almashtirilishini anglatmaydi. Biroq inson va mashina mehnati nisbati o‘zgaradi.

Forum ekspertlarining ta'kidlashicha, ish beruvchilar ma'nan eskirgan vakansiyalarni faol ravishda yopib, davr talablariga javob bermaydigan xodimlarni ishdan bo‘shata boshlaydilar. Shu bilan birga ish o‘rinlari algoritmlar bilan birgalikda samarali ishlay oladigan odamlar hisobiga ko‘payadi. 

So‘rovnomada ishtirok etgan 42 foiz kompaniya 2025 yilgacha yangi texnologiyalar sababli ish o‘rinlarini qisqartirishni, 41 foizi maxsus ishlarni bajarish uchun pudratchilardan keng foydalanishni, 34 foizi ishchilar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Yangi texnologiyalar kiritilishi bilan keyingi 5 yil ichida 40 foiz xodimlar qayta malakalashdan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Kompaniyalar o‘z xodimlarini qayta malakalashiga katta mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi. Biroq ish beruvchilarning aksariyati bu jarayonning xarajatlar va keyin beradigan samara nuqtayi nazaridan samarali ekanini anglashmoqda.  

Hisobotda ta'kidlanishicha, pandemiya davrida onlayn-o‘qishga talab 4 marta oshgan. Hozirda band bo‘lgan odamlar shaxsiy malakalarni oshirish uchun tobora ko‘proq onlayn-kurslar izlashmoqda. Ishsiz odamlar esa raqamli texnologiyalar, ma'lumotlar tahlili, informatika va axborot texnologiyalarini o‘rganishni ustuvor qo‘ymoqda.

Top