11:57 / 23.10.2020
4707
Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahridagi veloyo‘lakchalarni ko‘zdan kechirdi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent shahridagi veloyo‘lakchalar hamda aholining ommaviy sport turlari bilan shug‘ullanishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni yaqindan ko‘zdan  kechirdi. 

Qo‘mita xabariga ko‘ra, Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Mirobod hamda Sergeli tumanlari bo‘ylab o‘rganish ishlarini olib bordi. Veloyo‘lakchalar, sport maydonlari, sport maktablari, yangi barpo etilayotgan ko‘prik   atrofi, tumanda bunyod etilayotgan yangi uylar atrofidagi hududlar shular jumlasidandir. 

Ishchi guruh vakillari mahalliy aholi hamda sayyohlarning veloyo‘lakchalardan foydalanishi va xavfsiz harakatlanishi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi. Joylarda bu yo‘nalishda mavjud kamchiliklarni o‘rganib, ularni tezkor bartaraf etishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Aziz Abduhakimovning ma'lum qilishicha, Shahrisabz ko‘chasidagi veloyo‘lakcha yaqin 10 kun ichida ekspluatatsiyaga topshiriladi. Bu yo‘lakchada ko‘zi ojiz kishilar xavfsiz harakatlanishi uchun alohida joy ajratilgan. 

“Bu yo‘llarni o‘zimiz shaxsan harakatlanib sinab ko‘rmasak, ommaviy sport hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga doir ishlar jadal ketmaydi”, - dedi bosh vazir o‘rinbosari. 

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov poytaxtda veloyo‘lakchalarni bunyod etishga oid ishlar haqida so‘z yuritib, quyidagilarni ma'lum qildi: 

“Ahmad Donish ko‘chasi to‘liq tayyor bo‘ldi, umumiy maydoni 5 kilometrni tashkil etdi. Farg‘ona yo‘li ko‘chasida veloyo‘lakcha yaratilmoqda, har bitta tomonini 7 kilometrdan hisoblasak, umumiy maydoni -14 km. Bundan tashqari, anhor bo‘ylarida ham veloyo‘laklar barpo etilgan bo‘lib, ularning umumiy maydoni 10 km chiqadi. Xulosa qilib aytganda, bu yil 20 km maydon veloyo‘lakchaga aylantiriladi, keyingi yil esa kamida 25 km maydon veloyo‘lakchaga aylantirilishi belgilangan”.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, asosiy kamchiliklar ayrim joylarda zinapoyalar qurilishi va bo‘yoq ishlari oxiriga yetkazilmaganligi bilan bog‘liq, lekin eng asosiy muammo avtomobillar egalarining o‘z mashinalarini tegishli belgilari bo‘lishiga qaramasdan veloyo‘lakchalarga joylab qo‘yishidadir. 

Shu o‘rinda, bosh vazir o‘rinbosari poytaxt aholisiga murojaat qildi:  

“Poytaxtimizdagi barcha avtomobil egalaridan tegishli tartibga to‘liq rioya etishlarini, o‘z mashinalarini piyodalar yoki velosipedchilar harakatlanuvchi yo‘laklarda qoldirmasliklarini so‘raymiz!”.

Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov mutasaddilarga joylarda avtoturargohlar va veloyo‘lakchalarni ko‘paytirish, obodonchilik ishlarini kengaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi ma'lumotlarni ko‘paytirish, maxsus ilovalar ishlar chiqishga doir tegishli tavsiya va topshiriqlar berdi. 

Uchrashuv davomida, shuningdek, sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov - Sport Runners, Sergeli tumani hokimi Sergeli Runners hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Tourism Runners guruhlari ochilib, Samarqand yarim marafonida ishtirok etishi, shuningdek, keyinchalik xodimlarning sog‘lom turmush tarziga rioya etishi va muntazam ravishda ommaviy sport bilan shug‘ullanishi belgilandi. 

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 22 oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek va Sergeli tumanlarida boshlangan inspeksion ishlar ertaga, 23 oktyabrda boshqa tumanlar kesimida amalga oshiriladi.  

Top