20:58 / 23.10.2020
37091
«Bundan hamma zarar ko‘ryapti» - Go‘sht sotuvchisi narxlar majburan arzonlashtirilayotgani haqida gapirdi

Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi bozorlardan birida bo‘lib, shu kunlarda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishi va tushirilishi bilan bog‘liq holatni o‘rgandi. Sotuvchilarning ma'lum qilishicha, rasmiylar bozorda bir xil narx o‘rnatilishi uchun ularga bosim o‘tkazishmoqda.

Ismini oshkor etmaslik sharti bilan suhbatga rozi bo‘lgan go‘sht sotuvchilardan biri tuman hokimligi tashabbusi bilan bozorda barcha oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht narxi sun'iy tushirilayotgani, go‘shtni sotib olgan narxda sotishga majbur bo‘lishayotganini gapirib berdi.

«Kushxonalarda go‘sht narxi oshib ketdi. U yerda mol go‘shti 53-55 ming so‘mdan sotiladi. Biz go‘shtni bozorga olib kelib so‘yilgan narxida sotyapmiz. Xarajat qilyapmiz. Kassa 55 ming so‘mni ko‘tarmaydi. Uni charvisi bor, 20 ming so‘mdan beramiz. Qurib kamayishi bor. Bir molning go‘shtidan 5 kilo yo‘qotiladi. Bu degani 300 ming so‘m havoga uchib ketadi, degani.

Kuniga 80 ming so‘mdan to‘lab ishchi ishlataman. Bitta mol 100 kilo go‘sht qilsa, har 4 kilo go‘shtdan 1 kilo suyak chiqadi. Bu bir kilo suyakni 10 ming so‘mga sotamanmi?

Bozorga 46 ming so‘mlik go‘sht qo‘yib qo‘yishdi. Belarusniki. 55 ming so‘mlik arzonlashtirilgan go‘sht sotilyapti. Shunday ekan, qassob ham sotaversin ko‘targanicha, 70 mingdan sotsin, 80 mingdan sotsin. Agar savdosi bo‘lmasa, «uxlayveradi».

Biz ham soliq to‘layapmiz. Oldin patent uchun oyiga 1 mln 300 ming so‘m to‘lardim. Hozir har kvartalda (3 oyda) 10 mln so‘m to‘layapman. To‘lovlar 3,9 mln so‘m edi, endi 10 mln so‘m bo‘ldi. Bunday bo‘lmaydida endi!

Bir fermer bilan gaplashib qoldim. U aytdiki, qachonki yem arzon bo‘lsa, o‘shanda mol ko‘payadi, chorvadorlar orasida raqobat paydo bo‘ladi. Shundagina go‘sht narxi ham, mol narxi ham tushishi mumkin. Uning gaplari to‘g‘ri», deydi go‘sht sotuvchi.

U hokimlik vakillari qassob va sotuvchilarga bosim o‘tkazganini ta'kidlagan.

«Bosim o‘tkazishdi, lekin biz bunga chiday olmaymiz. «Maygacha shunday sotasizlar», deyishdi. Axir bunga chidab bo‘lmaydiku?

Shakar-chi, shakar? Uni 5800 so‘mdan sotishyapti. Shakarning O‘zbekistonga kirib kelish narxi 6,8 yevroga tushadi. Katta shakarchilar bor. O‘shalar bilan gaplashganman. 6800 so‘mdan kirib kelyapti, vagoni bilan. Aslida 6000 so‘mlik shakarning o‘zi yo‘q.

Agarda foyda qilmaganida ham 6800 so‘mdan sotishi kerak edi. Uni ustiga, 50 kilogrammlik qopdagi shakar 50 kilo chiqmaydi. 49 kilo chiqadi. 1 kilosi quriydi, shuning hisobiga kamayadi.

1 litr yog‘ (kungaboqar) narxi 1,32 dollar. Bizning pulga 13400-13500 so‘mga to‘g‘ri keladi. Arzonlashtirilgan bozorda 12000 so‘mdan sotilyapti. Zarariga.

Narxni hozir shunday ushlab turishibdi. Yog‘ yarmarkada 12 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, bu yoqda 14 ming so‘mga sotayotgan savdogar zarar ko‘ryapti.

Hamma erkin bo‘lsin. Puli bor xaridor o‘zi istagan narxidagi go‘shtdan, yog‘dan va shakardan olsin», deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 16 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar narxining keskin o‘sishi aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani ta'kidlandi. Prezident barcha oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi bo‘lishi kerakligini, bu davlat siyosatiga aylanishi lozimligini ta'kidladi. Shundan so‘ng Toshkent shahrida go‘sht narxiga cheklov o‘rnatilgani ma'lum bo‘ldi.

22 oktabr kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov oziq-ovqat mahsulotlari narxi davlat tomonidan tartibga solinishiga qarshiligini aytib o‘tdi.

Shu kuni Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov ham Kun.uz’ga bergan intervyusida bozorlardagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi davlat tomonidan tushirilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

U ulgurji savdo bilan shug‘ullanadigan korxonalarga bozorlarda, mahallalarda tekin joy tashkil qilib berilgani, ular o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo joyiga olib kelib sotishayotgani va shuning evaziga narxlar arzonlashganini aytib o‘tgandi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki hukumat narxlarni belgilayotgani, savdogarlarga «shu narxdan arzon sotmaysan» deyilayotgani haqidagi gap-so‘zlar tarqaldi. Bular yolg‘on. Mana, tuxum 900 so‘m, go‘sht 55000 so‘m. Bu narxlarni tadbirkorlarning o‘zlari belgilashgan», degandi u.

Top