21:22 / 23.10.2020
16019
Kim Chen Inning rafiqasi uzoq vaqtdan beri ko‘rinish bermayotgani ma'lum qilindi 

Janubiy Koreya matbuotida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning rafiqasi Li Sol Chju uzoq vaqtdan beri ko‘rinmay qolgani haqida ma'lum qilindi. Daily NK nashrining yozishicha, Shimoliy Koreya yetakchisining rafiqasi 9 oydan beri omma oldida ko‘rinish bermagan.

Foto: KCNA

Shimoliy Koreya davlat nashrlari Li Sol Chjuni oxirgi marta 25 yanvarda Kim Chen In bilan Pxenyandagi teatrga Yangi yil tomoshasiga borganida qayd qilishgan. O‘shandan beri u ko‘rinish bermayapti. Jumladan, Li Sol Chju 10 oktyabrda Kim Ir Sen maydonida o‘tgan harbiy paradda ham ishtirok etmagan.

Daily NK nashrining Shimoliy Koreyadagi manbalari Li Sol Chju ko‘rinmay qolganining bir nechta ehtimoliy sababini ma'lum qilishdi. Ulardan biriga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning birinchi xonimi Kim Chen Inning xasta bo‘lishi mumkin bo‘lgan ammasi Kim Gyon Xiga qaramoqda. Ikkinchi taxminga ko‘ra, Li Sol Chjuning sog‘lig‘ida muammolar bo‘lishi mumkin.

Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra, Li Sol Chju o‘zini va oilasini koronavirusdan himoyalash maqsadida omma oldida ko‘rinish bermayapti.

Janubiy Koreya Kim Chen In va uning oilasi a'zolarining sirli yo‘qolib qolishlari haqida birinchi marta xabar qilmayapti. Aprelda Kim Chen In bir necha kun ko‘rinmay qolgandan keyin u vafot etgani yoki xasta bo‘lishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Rossiyada bu ma'lumotlar rad etilgan, AQShda esa har qanday holatga tayyor turish kerakligi aytilgan. Biroq Kim Chen In may oyida omma oldida tirik va sog‘lom holda ko‘rinish bergan. 

Top