21:01 / 23.10.2020
4809
Kombinat yosh olimining muvaffaqiyatli izlanishlari
Foto: OKMK

Ilmning mashaqqatli yo‘li nurli manzillarga albatta, eltadi. Quyida hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz ham ilm olib, izlanishlari ortidan bir qator muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Tadqiqot va mineral xom-ashyolarni boyitish laboratoriyasi, metallurgiya tadqiqotlari va yuqori tozalangan metallar laboratoriyasi, qattiq qotishmalar laboratoriyasi, nanotexnologiyalar, kompozit va istiqbolli materiallar laboratoriyasi, materiallarning strukturalari va xossalarini tadqiq qilish laboratoriyasi hamda tajriba-sanoat sexi kabi tarkibiy bo‘linmalarni qamrab olgan OKMK Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi qoshida O‘zbek-Koreys ilmiy texnik markazi faoliyat yuritib kelmoqdaki, unda olib borilayotgan tadqiqot va ilmiy izlanishlar diqqatga molikdir. Kombinat rahbariyati tomonidan ushbu markazga har doim e'tibor qaratib kelingan va markaz laboratoriya sharoitida ilmiy izlanishlar olib borish uchun zamonaviy texnologik uskunalar bilan ta'minlangan.

Mazkur Markazning Nanotexnologiyalar, kompozit va istiqbolli materiallar laboratoriyasi mudiri, Ilg‘or materialshunoslik va muhandislik fanlari doktori, yosh olim Amir Obidov boshchiligida bir qator muvaffaqiyatli izlanishlar olib borilmoqda. Ana shunday izlanishlar natijasida kuni kecha qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun jamlangan qattiq qotishmali payvandlanuvchi funksional gradiyentli materialdan tayyorlangan plastina ishlab chiqarildi. Ushbu ishlanma laboratoriya sharoitida ishlab chiqarilib, hozirda plastinani ishlab chiqarishga tatbiq etish uchun Andijon mashinasozlik instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetlari bilan hamkorlikda sinov ishlari olib borilmoqda. Mazkur oliygoh olimlari tomonidan plastina qishloq xo‘jaligi texnikasiga payvandlanib, yemirish jarayoni o‘lchanadi. Hozirda ushbu mahsulotning bozori ham o‘rganilyapti. Ushbu mahsulotga yaqin kunlarda patent olinishi va ishlab chiqarishga tatbiq etilishi kutilyapti.

- Biz olib borayotgan tadqiqotlar kutilganidek natija bersa, tegishli tashkilotlarga mahsulot sertifikatini olish uchun ariza beramiz, - deydi Amir Obidov. - Bundan tashqari, ilmiy izlanishlarimiz natijasida laboratoriya sharoitida volframli va mis nishonlar ishlab chiqargan edik. Pandemiya bois “Navoiy KMK” DUKka Sankt Peterburgdan bu kabi nishonlar kelishi to‘xtab qoldi. Bu 100% import qilinadigan mahsulot. Yuzaga kelgan vaziyat sababli ushbu mahsulotlarni mahalliylashtirish masalasi qo‘yildi. Va biz o‘z mahsulotimizni ularga taklif etgan holda namunalar yasab berdik. Ular oyiga 2ta nishon ishlatishadi. Biz esa oyiga 30dona nishon ishlab chiqarish imkoniyatiga egamiz. Jo‘natgan namunalarimiz ularning geofizika laboratoriyasida gamma nurlarini o‘lchaydigan uskunasida tekshirilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar bizga aytilyapti. Hozirgi kunda ushbu mahsulot ishlab chiqarilish arafasida. 76 mm.li nishon issiq pressda, 30 mm.lisi esa uchqunli plazmali uskunada tayyorlanadi.

Yana bir yangi mahsulotlarimiz volfram nanokukuni va molibden nanokukunlari. Ushbu mahsulotlarimiz kombinat konlarida ishlatiladigan burg‘ulash uskunalarining koronkalariga qo‘shiladi. Bu zichlikni oshirib bo‘shliqni to‘ldirib borib, material mustahkamligini ta'minlaydi. Va koronkani uzoq muddat ishlashiga sabab bo‘ladi.

 Shuningdek, markazimizga yaqin uskunalar olib kelinishi 3-bosqichi doirasida 3D texnologiyali printer ham keltiriladi. Ushbu printerning ishlash asosini nanokukunlar tashkil etadi. Biz ushbu printerga hozirda xom-ashyo ham tayyorlayapmiz. Jahon bozorida 1 kg volfram 30 dollar tursa, nanokukun undan 10 baravar qimmat turadi. 250 grammlik nishonning bahosi esa 1000 dollarga boradi. Gamma nurlanishda tayyorlangan nishon esa undan ham qimmat turadi. 3D texnologiyasi asosida jag‘ yoki suyak implantlari tayyorlanib, ular ham yuqori baholanadi.

Yaqinda Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga o‘zimizda ishlab chiqarilgan volframli nanokukunni olib bordik. Nanokukunimiz mikroskopda qaralganda yuqori tozalikda volfram borligi aniqlandi. Eng qizig‘i zarrachalarning o‘lchamini ko‘rishga mikroskopning kuchi yetmadi. 100 nanometr o‘lchamdagi eng yiriklarigina ko‘rindi. Ushbu mahsulotni Koreyaning Kiram institutiga jo‘natib, qanchalik maydaligini ko‘rmoqchimiz. Kombinatda birinchi marotaba nanokukun olinishi ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Yana bir yangi mahsulotimiz keramik nishonlar.

Ushbu nishonlar qoplama olish uchun ishlatiladi. Masalan rux oksidli, indiy, qalay oksidli qoplamalar olish uchun. Bu bizda avval bo‘lmagan. Bu yo‘nalishda ilk qadamni qo‘ydik. Ushbu qoplamalar smartfon, televizor, kompyuter ekranlarining yuza qismiga ishlatiladi. Shaffof, tokni o‘tkazuvchan qoplamalar svetodiodlarni yonishi uchun zarur bo‘ladi. Kombinatda indiy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Biz qalay sotib olsak, indiy qalay oksidli nishon ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. 

Yosh olim kuni kecha Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi startaplar bo‘yicha ilmiy-texnik kengash raisi etib ham tayinlandi. Ushbu kengash yurtimizdagi milliy, xalqaro startaplarni moliyalashtirish uchun xulosa beradi. Jamoatchilik asosida ishlaydigan kengash shaffof tarzda startaplarni ko‘rib chiqadi. Shuningdek, startap qanchalik ahamiyatga egaligini, uning bozori ham o‘rganadi.

Bundan tashqari, endi 35 yoshni qarshi olgan yosh olim, professor Amir Obidov Lotus Engineering deb nomlangan texnologik startapi yaratuvchisi ham. E'tiborlisi, 2018 yilda Amir Obidov tomonidan yaratilgan Clean Box startap-loyihasi xalqaro “StartHaifa-2018” tanlovida muvaffaqiyat qozongan bo‘lib, bu loyiha nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham tan olingan. 2018 yil ushbu startap “Innoweek-2018” tanlovida eng yaxshi startap mukofotini qo‘lga kiritdi. Ushbu ishlanmaga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Innovatsion rivojlanishni va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan 800 mln. so‘mlik grant ajratilgan. Amirga Rossiya Federatsiyasidagi “Skolkovo” fondining rezidentligi taklif etilgan. Bu biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Masalan, ushbu fond rezidentlari uchun 5 mln rublgacha mikrograntlar ajratadi.

Yana bir e'tiborli jihat qahramonimiz 2020 yil 27 oktabr kuni o‘tkazilishi kutilayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining startaplar forumiga ekspert sifatida taklif etilgan bo‘lib, ushbu nufuzli anjumanda u ma'ruza qiladi.

Yosh olimning fikricha, yangi mahsulotlarning yaratilishi, mamlakat iqtisodiyoti rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Sherzod Tilovberdiyev,
OKMK Axborot xizmati veb-muharriri

Top