20:39 / 23.10.2020
1344
Tramp Sudanni terrorizmga homiylik qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi

AQSh Sudanni 1993 yilda terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritgan, 1997 yilda esa Xartumga qarshi sanksiyalar joriy etgandi.

Foto: Reuters

Sudan suveren kengashi o‘zining Twitter sahifasida AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu mamlakatni terrorizmga homiylik qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qarorni imzolaganini ma'lum qildi.

 "AQSh prezidenti Sudanni terrorizmni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, bu haqda yaqin vaqt ichida e'lon qilinadi", - deyiladi suveren kengash xabarida.

Xabarda ta'kidlanishicha, bu "Sudan va uning sharafli inqilobi uchun tarixiy kundir".

AQSh prezidenti Donald Tramp teraktlar qurbonlari oilalariga 335 million dollar kompensatsiya to‘langanidan so‘ng Sudanni terrorizmga homiylik qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarishga va'da bergandi.

AQSh Sudanni 1993 yilda terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritgan, 1997 yilda esa Xartumga qarshi sanksiyalar joriy etgandi.

2019 yil aprelda Sudanni 30 yil boshqargan prezident Umar al-Bashir taxtdan ag‘darilgach, Xartum va Vashington munosabatlarida iliqlik paydo bo‘ldi. 2019 yil avgustda mamlakatning yangi bosh vaziri Abdulla Hamduk Sudanni terrorizmga homiylik qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish borasida AQSh bilan muzokaralar boshlanganini ma'lum qildi.

Top