16:23 / 23.10.2020
72418
Yapon olimlari koronavirusning yana bir salbiy oqibatini ma'lum qildi

 Yaponiyaning Global sog‘liqni saqlash va tibbiyot milliy markazi olimlari koronavirus infeksiyasining yana bir salbiy oqibatlaridan biri – soch to‘kilishi ekanligini ma'lum qildi.

Foto: AFP

Mutaxassislar 2020 yilning fevral-iyun oylari davomida koronavirusdan sog‘ayib chiqqan bemorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Tadqiqotda o‘rtacha 48 yoshlar atrofidagi 63 kishi qatnashdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, tuzalganidan 4 oy o‘tgach, qatnashchilarning 11 foizi nafas qisishida, 10 foizi bezovtalik va hid bilishda, 6 foizi yo‘tal tutishida va yana 2 foizi ta'm bilishda muammolarga duch kelayotganini aytgan.

Ikki oydan keyin o‘tkazilgan qo‘shimcha izlanishlarda esa qatnashchilarning deyarli to‘rtdan biri: 9 nafar erkak va 5 nafar ayol alopetsiya – soch to‘kilishidan aziyat chekayotganini bildirgan.

Tadqiqot mualliflaridan biri Sinitiro Moriokaning aytishicha, soch to‘kilishi koronavirusdan uzoq vaqt davomida davolanish oqibatida kelib chiqadigan stresslardan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, olimlar yoz oylarida koronavirus bilan kasallangan bemorlar ham ushbu muammo bilan to‘qnash kelganiga e'tibor qaratishdi. Iyul oyida Hindiston universiteti tibbiyot fakulteti mutaxassislari olib borgan so‘rovnomada qatnashgan 1567 kishidan 423 nafari soch to‘kilishidan shikoyat qilgan.

Top