11:37 / 24.10.2020
8277
Xayrullo Bozorov: Jurnalistlarga uy qurib beramiz!

Farg‘ona viloyatida 60 ga yaqin OAVlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 247 ta jurnalist aholiga xolis va tezkor axborot yetkazib beryapti. Ammo jurnalistlar orasida uy-joyga muhtojlar ham oz emasdi.

Bugun bir guruh uy-joyga muhtoj jurnalistlar Farg‘ona shahriga yo‘ldosh Mindonobod mavzesidagi shaharchaga bordilar va qurilayotgan binolar, ularga ajratilishi mumkin bo‘lgan uylar bilan tanishdilar.

– Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan bo‘lgan dastlabki suhbatimiz chog‘i men boshqa muammolar qatori Prezidentning jurnalistlarga imtiyozli kredit asosida uy-joy qurish haqidagi qarori ijrosi masalasini qo‘ydim, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi, “Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari bosh muharriri Muhammadjon Obidov. – Viloyat rahbari Mindonobod mavzesida quriladigan uylardan birini “Jurnalistlar uyi”ga aylantiramiz, dedi. Shundan so‘ng biz tezlikda uy-joyga muhtoj jurnalistlar ro‘yxatini shakllantirdik.

Mindonobodda 20 ta ko‘p qavatli binolar birin-ketin qad roslamoqda. Bir hafta ichida 480 o‘rinli maktab foydalanishga topshiriladi. Bolalar bog‘chasi, kichik bozor, mahalla guzari, savdo rastalari uchun joylar ajratilgan hamda qurilishi tez kunlarda boshlanadi.

– Uylarimiz 2-3 xonali bo‘lib, ko‘chib kirib yashaydigan holatda, alohida isitish uskunasi, oshxona jihozlari bilan birga topshiriladi, – deydi Farg‘ona tumani hokimining o‘rinbosari O‘tkir Teshajonov. – Uyning narxi 2 xonaligi 160, 3 xonaligi 185 million so‘m atrofida. Uning o‘n foizi dastlabki to‘lov bo‘lib, qolgan qismi 20 yilga o‘n foizli kredit asosida beriladi.

Bugun, 24 oktabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Mindonobod mavzesidagi yangi qurilayotgan yo‘ldosh shaharchada “Jurnalistlar uyi”ning birinchi g‘ishtini tantanali suratda qo‘ydi.

– Men ikki farzandim bilan necha yillardan buyon ijarada yashayman. Xayrullo Bozorovga katta rahmat. Viloyat hokimining tashabbusi bilan men va men kabi 23 oila uyli bo‘lar ekan, – deydi viloyat televideniyesi hodimi Sherzod Yusupov.

– Biz bir xonadonda ikki oila farzandlarimiz bilan juda noqulay sharoitda yashar edik, – deydi “Farg‘ona haqiqati” gazetasi muxbiri Shoxsanam Eshmatova. – Endi o‘z uyimiz bo‘ladi. Qanday katta baxt!

Tantanali marosimda uy-joyga talabgor jurnalistlar ham ishtirok etdilar. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ular bilan shu yerda muloqot qilib bundan keyin ham jurnalistlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaymiz, dedi.

2020 yil 24 oktabr Farg‘ona jurnalistikasi tarixiga unutilmas voqelik sifatida yozib qoldiriladi. “Navro‘z” bayrami arafasida jurnalistlarning uy to‘ylariga keling.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi Axborot xizmati.

Top