22:46 / 25.10.2020
13867
O‘zbekistonda «Ustoz» milliy tanlovi boshlandi. Sovrin – 30 mln so‘m va Dubayga yo‘llanma

«Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi» tanlovi o‘rniga yangicha formatdagi «Ustoz» milliy tanlovi yo‘lga qo‘yildi. Tashkilotchi – shu yildan faoliyat boshlagan O‘qituvchilar assotsiatsiyasi. G‘oliblar uchun pul mukofoti miqdori sezilarli oshirilgan.

O‘zbekistonda ilk marta tashkil etilayotgan «Ustoz» milliy tanlovi uchun xalq ta'limi tizimi pedagoglaridan arizalar qabuli boshlandi. Tanlov «Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi» tanlovining o‘rnini egallaydi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Yangi tanlovni Xalq ta'limi vazirligi emas, shu yil iyun oyida ochilgan nodavlat tashkilot – O‘qituvchilar assotsiatsiyasi tashkil qiladi va g‘oliblarni aniqlaydi.

«Ustoz – 2020» tanlovida 6ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ularning har biri 30 mln so‘mdan pul mukofoti va Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro o‘qituvchilar forumi (GESF-2021) yo‘llanmasi bilan mukofotlanadi.

O‘qituvchilar assotsiatsiyasi tanlovni o‘tkazishda Londonda joylashgan xalqaro xayriya fondi – Varkey Foundation bilan hamkorlik qilmoqda. Ushbu fond 30dan ortiq mamlakatda ilg‘or o‘qituvchilarni saralab olishga qaratilgan milliy tanlovlarni qo‘llab-quvvatlaydi; «Global Teacher Prize» tanlovi va «Global Education & Skills» forumini (GESF) o‘tkazib keladi.

«Tuman – viloyat – respublika» shaklidagi uch bosqichli tizimdan voz kechildi

Xalq ta'limi tizimidagi (ham xususiy, ham davlat tasarrufidagi) maktablar o‘qituvchilari tanlovda ishtirok etish uchun www.ustozmukofoti.uz saytida anketa to‘ldirishi zarur. Minimal talab – kamida 2 yillik ish tajribasi.

  • Birinchi bosqich 22 oktyabrdan 13 noyabrgacha davom etadi. Bu vaqt oralig‘ida nomzodlar ijodiy-ta'limiy videorolik tayyorlab, uni YouTube'ga yuklashi va videoga havolani anketada ko‘rsatishi lozim. Erkin mavzudagi videorolik o‘quvchilar ishtirokida bo‘lishi, 2 daqiqadan oshmasligi talab etiladi.
  • Ikkinchi bosqichga (24 noyabr – 6 dekabr) 150 nafar o‘qituvchi saralab olinadi va ular bilan ZOOM orqali suhbat tashkil etiladi. Suhbatda o‘qituvchining kasbiy mahorati va o‘qitishga yondashuvini baholash uchun savollar beriladi; muammoli vaziyatlarga yechim topish qobiliyati keyslar asosida baholanadi.
  • Uchinchi bosqich (final) 30 nafar pedagog ishtirokida o‘tadi. Ular 10-14 dekabr kunlari Toshkent viloyatida oromgohga taklif etilib, turli musobaqalarda qatnashadi. 6 nafar g‘olib ijodiy-kasbiy musobaqalardagi faol ishtiroklari va 2 daqiqalik motivatsion nutqi asosida tanlab olinadi.

Toshkent shahridagi tantanali tadbirda g‘oliblarga 30 mln so‘mdan pul mukofoti («Yil o‘qituvchisi» tanlovi mukofotidan uch barobar ko‘p), sertifikat, turli sovg‘alar va BAAning Dubay shahrida o‘tadigan «GESF-2021» forumiga yo‘llanma taqdim etiladi. Qolgan 24 ishtirokchi esa 5 mln so‘mdan pul mukofoti, sertifikat, noutbuk va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Fanni yaxshi bilishning o‘zi kifoya emas

O‘qituvchilar assotsiatsiyasi raisi Nargiza Qo‘chqorovaning so‘zlariga ko‘ra, «Yil o‘qituvchisi»dagidan farqli ravishda, «Ustoz» tanlovida o‘qituvchilarning fan bo‘yicha bilimidan tashqari pedagogikaning boshqa aspektlari ham inobatga olinadi.

«Bizda bu masala hech qachon muhokama qilinmagan. Tanlovlar 30 yildan beri bitta qobiqda o‘tkazilgan. Matematika o‘qituvchilari matematika bilan musoboqalashgan, xolos. Test bo‘lar edi. Lekin o‘ylab qaraganda, test o‘qituvchining faqat o‘sha fanini bilishini belgilashi mumkin», – dedi Qo‘chqorova 23 oktabr kuni AOKAdagi matbuot anjumanida.

Nargiza Qo‘chqorova / Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Tashkilotchilarga ko‘ra, o‘qituvchilar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

  • faoliyat samaradorligi (o‘quvchilarining ta'limdagi yutuqlari);
  • shaxsiy fazilatlar (pedagogik sezgi, ijodkorlik, improvizatsiya, uyushqoqlik va muloqot madaniyati);
  • maktabdan tashqari faoliyatidagi yutuqlar;
  • ta'lim kelajagiga qo‘shgan hissasi va o‘qituvchilik kasbini targ‘ib qilishi;
  • bo‘sh o‘zlashtiruvchi va iqtidorli o‘quvchilar bilan ish olib borishi;
  • o‘qitishda innovatsion ta'lim usullarini qo‘llashi.

G‘oliblar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanadi:

  • «Ta'limda innovatsion yondashuv va g‘oyalari uchun»
  • «Mehridaryo ustoz» (imkoniyati cheklangan bolalarning ustozlari)
  • «Ta'lim sohasida ko‘rsatgan xizmatlari uchun» (chekka hududlardagi o‘qituvchilar)
  • «Umid timsoli» (yosh pedagoglar)
  • «Boshlang‘ich ta'lim fidokor ustozi»
  • «Plyus 1» (xususiy maktablar; ijod, ixtisoslashtirilgan va prezident maktablari agentligiga qarashli maktablar o‘qituvchilari uchun alohida nominatsiya)
Top