18:00 / 25.10.2020
9365

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh «Gazli» gazni qayta ishlash zavodidagi ishlar holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va «Gazli» gazni qayta ishlash zavodida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarning holati, obodonlashtirish, qurilish-montaj va geologik-qidiruv ishlari hamda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi bilan tanishdi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hududida bajarilishi belgilangan barcha qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha kamchiliklar borligi ta’kidlanib, ularni qisqa fursatda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qurilish departamenti boshlig‘i Orif Quvonov qilingan ishlar bo‘yicha Boshqaruv raisiga hisobot berdi va o‘z navbatida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgani, Nukus–Buxoro yo‘nalishidagi A-380 avtomobil yo‘lidan «Gazli» gazni qayta ishlash zavodigacha bo‘lgan yo‘lni ta’mirlash va asfalt yotqizish ishlari boshlanish arafasida ekanini ma’lum qildi.

Boshqaruv raisi, shuningdek, «Gazli» gazni qayta ishlash zavodining asosiy kirish yo‘lini ikki yon tomonlarini obodonlashtirish ishlari (sug‘orish tizimi va devor-setka o‘rnatish), 1- va 2- nazorat-o‘tkazish punktlari binolarini ta’mirlash ishlari, 2-nazorat-o‘tkazish punktidan suyultirilgan gaz omborigacha bo‘lgan yo‘l atrofini obodonlashtirish va yoritish chiroqlarini o‘rnatish bo‘yicha barcha ishlarni 2020 yil 15 noyabrga qadar tugatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘z navbatida esa, «Gazli» gazni qayta ishlash zavodi oldida 100 o‘rinli ishchilar yotoqxonasini qurish (oshxonasi bilan birga) va jihozlash ishlarini joriy yil 25 noyabr kuniga qadar yakunlash va foydalanishga topshirish belgilab berildi.

Eng avvalo, Boshqaruv raisi qurilish jarayonida mehnat qilayotgan ishchilarning yashash va ishlash sharoitlarini o‘rganib, bu yerda kamchiliklar va muammolar mavjud ekanini keskin tanqid qildi.

Ayniqsa, ishchilar uchun barpo etilgan oshxonadagi xizmat ko‘rsatish sifati va idish-buyumlarning ozodaligi joyida o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Tashrif davomida Boshqaruv raisi tomonidan uglevodorodlar qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, tabiiy gaz qazib chiqarish va yetkazib berish tizimidagi muammoli masalalarga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

«Doyaxotin» konidagi kollektor va shleyf quvurlarini kengaytirish maqsadida, tegishli qurilish tashkilotlari tomonidan qurilish-montaj ishlari 2020 yil 1 noyabr kuniga qadar yakunlanishi va ishga tushirilishi bo‘yicha kelishib olindi.

Boshqarmaga qarashli «Sho‘rtak», «O‘rtaqum» va «Janubiy Haqqul» konlaridagi yangidan ishga tushiriladigan quduqlarni joriy yil 4-chorakda foydalanishga topshirish bo‘yicha muddatlari ko‘rsatilgan jadval ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Qazib chiqarish hajmini oshirish yuzasidan qo‘shimcha tadbirlarni ishlab chiqish, tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida zamonaviy qurilma va uskunalardan foydalanish darajasini oshirish ta’kidlandi.

Joylardagi quduqlarni burg‘ilash va ta’mirlash ishlarini tezlashtirish, ularni muddatidan avval tugatib ishga tushirish uchun moddiy tovar boyliklarini yetkazib kelishdagi muammolar bartaraf etilishi kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida karantin davrida o‘rnatilgan tartibda xodimlarni koronavirusga test topshirishlari amalga oshirilishi, koronavirusga chalingan va unga gumonlanuvchi hamda pnevmoniya xastaligi bilan kasallangan xodimlarni belgilangan tartibda davolatish choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi.

O‘rganishlar jarayonida, «Uchqir» siquv kompressor stansiyasi va «Uchqir» gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi, «Uchqir» gazni oltingugurtdan tozalash qurilmalarining qurilish ishlari holatida bajarilayotgan keng ko‘lamli ishlarning qurilish va montaj ishlari jarayonidagi muammoli masalalar aniqlandi.

Mavjud muammolarning yechimi yuzasidan mutaxassislar, quruvchilar, kon ustalari va geologlar bilan muhokamalar o‘tkazildi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qurilmalarni qurib ishga tushirish bilan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida kunlik 2,0 mln kub metr tabiiy gaz, 219 tonna suyultirilgan gaz va 102 tonna gaz kondensati ko‘payishiga va «O‘ztransgaz» magistral gaz quvurlariga uzatilayotgan tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga erishiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top