02:54 / 26.10.2020
20385
Erdo‘g‘an Turkiya AQSh tahdidlariga qaramay S-400 tizimidan voz kechmasligini aytdi 

Turkiya AQSh tomonidan sanksiyalar kiritilishi tahdidiga qaramay, Rossiyadan sotib olgan S-400 zenit-raketa majmualarini ortga qaytarmoqchi emas. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an aytib o‘tdi.  

“Siz kim bilan o‘chakishayotganingizni bilmayapsiz. Biz F-35 samolyotlarini (AQSh qiruvchi samolyotlari) sotib olish bo‘yicha qadamlar amalga oshirdik, pullarni to‘ladik, siz esa ularni yetkazib bermadingiz va S-400’ni Rossiyaga qaytarishimizni talab qilmoqdasiz. Biroq biz qabila davlati emasmiz, biz Turkiyamiz”, – deb aytgan Erdo‘g‘an.

Uning ta'kidlashicha, Turkiya S-400 sotib olgani va Tog‘li Qorabog‘ ixtilofida Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun AQShning sanksiyalar kiritishidan qo‘rqmaydi. 

Erdo‘g‘anning aytishicha, Anqaraga o‘tkazilayotgan bosim Turkiyaning dunyodagi ta'siri oshayotgani natijasi hisoblanadi. Uning ta'kidlashicha, Turkiya jahon maydonida vaziyatni izdan chiqarmoqchi bo‘layotgan kuchlarning rejasini buzayotganini “kechira olmayaptilar”.

“Anqara davlatimizni bosim va hamlalar uchun obektga aylantirayotgan davlatlardan niqobni olib tashlamoqda. Qo‘llaridan kelganini qilsinlar. Turkiya to‘xtamaydi!” deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an.

24 oktyabrda Turkiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili Nadida Shabnam Okto‘p S-400 majmualari jangovar navbatchilikka qo‘yilishini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, Anqara S-400’ni sotib olishi bilan NATO oldidagi majburiyatlarini buzgan, deb hisoblamaydi. 

16 oktyabrda Turkiya Sinop shahri yaqinida S-400 majmuasini ilk bor sinovdan o‘tkazdi. Majmuadan uchta raketa otilgan va ularning barchasi belgilangan nishonlarni yo‘q qila olgan. 

Turkiya Rossiyadan S-400’ning 4 ta divizionini sotib olgan. 2019 yil oktyabrida “Rosoboroneksport” shartnomani muddatdan oldin bajarganini va Turkiyaga S-400’ning barcha elementlari, jumladan, raketalarni yetkazib berganini ma'lum qilgan.

Top