23:05 / 26.10.2020
4642

Nyu-Yorkda muddatdan oldin ovoz berishni istovchilarning katta navbatlari yuzaga keldi

Nyu-York shahrida AQSh prezidenti saylovlarida muddatdan oldin ovoz berishni istovchilarning katta navbatlari yuzaga kelmoqda. Bu yerda saylov uchastkalari 24 oktyabrdan ochildi va saylovlarning asosiy kuni – 3 noyabrgacha ishlaydi. 

Foto: TASS

AQShda muddatdan oldin pochta orqali ovoz berish mumkinligiga qaramay, ko‘plab amerikaliklar o‘z ovozlari hisobga olinganiga amin bo‘lish uchun saylovlarda bevosita ishtirok etishni ma'qul ko‘rishmoqda. 

“Biz saylovlar tinch o‘tishini istaymiz. Qanchalik ko‘p odam oldinroq kelsa, saylovlarning asosiy kuni hammasi shunchalik oson o‘tadi. Ovozlar soxtalashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak”, deb aytgan Manxettendagi saylov uchastkalaridan biriga kelgan ovoz beruvchi.

“Biz bunday uzun navbatdan ajablandik, biroq oxirigacha turamiz. Shaxsan men uchun muddatdan oldin ovoz berish ushbu saylovlar borasidagi xavotirimni yengishda yordam beradi. Men oldinroq kelib, ovozim hisobga olinganini, hammasi men uchun ham, jamiyat uchun ham tinch ekanini oldinroq tekshirishim mumkin”, deb aytgan yana bir saylovchi. 

Nyu-Yorkda an'anaviy tarzda demokratlar pozitsiyalari kuchli sanaladi, shu sababli ko‘plab saylovchilar amaldagi prezident, respublikachi Donald Trampning saylovlar bo‘yicha raqibi Jo Baydenni nazarda tutib, “o‘zgarishlar uchun ovoz berishga” kelganlarini aytishgan.

26 oktyabrga kelib AQShda 60 mlndan ko‘proq odam muddatdan oldin ovoz berib bo‘ldi. Ulardan 40,1 mlndan ko‘prog‘i pochta orqali, 19,9 mlnga yaqini esa bevosita saylov uchastkalarida ovoz bergan. 

Muddatdan oldin ovoz berganlar soni bo‘yicha Texas yetakchilik qilmoqda. Bu shtatda 7,3 mlnga yaqin amerikalik ovoz berib bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarni Kaliforniya (6,5 mln saylovchi), Florida (6 mln) va Shimoliy Karolina (3,1 mln) egallamoqda.

3 noyabrda AQSh prezidentidan tashqari, vitse-prezident, 35 senator, vakillar palatasining barcha 435 a'zosi, 13 gubernator saylanadi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top