18:38 / 26.10.2020
19340
O‘rta biznesni dunyo gigantiga aylantirish san'ati. Samsung reformatori Li Gon Xi hayot yo‘liga nazar

1987 yildan buyon Samsung kompaniyasiga rahbarlik qilib kelgan Li Gon Xi 78 yoshida vafot etdi. U otasi asos solgan, uncha mashhur bo‘lmagan mahalliy darajadagi koreys firmasini o‘z boshqaruvchilik qobiliyati bilan jahonning eng yetakchi brendlari qatoriga olib kirgan atoqli biznesmen sifatida nom qoldirdi.

Foto: Agence France-Presse

Janubiy Koreyaning eng boy odami, Samsung konserni raisi Li Gon Xi 25 oktabr kuni 78 yoshida vafot etdi. Kompaniya axborotiga ko‘ra, u Seulda, oila a'zolari davrasida hayotdan ko‘z yumgan.

Tadbirkorning vafoti sababi ma'lum qilinmadi; u 6 yil oldin infarktni boshdan kechirgach, yuragi operatsiya qilingan va shundan buyon uning salomatligi haqida deyarli hech qanday ma'lumot berilmagandi. Bu yillar mobaynida Samsung'ni amalda uning o‘g‘li Li Chje Yon boshqarib keldi.

Li Gon Xi qo‘l ostida Samsung arzon televizorlar va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi mahalliy darajadagi oddiy korxonadan dunyo miqyosidagi texnologik gigantga aylandi. Forbes'ning 2020 yilda jahonning eng qimmat brendlari ro‘yxatida Samsung 8-o‘rinni egallab turibdi. Janubiy Koreya eksportining qariyb beshdan bir qismi birgina shu konglomerat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Deyarli barcha mashhur shaxslar bilan bo‘lgani kabi, Li Gon Xining faoliyatiga nisbatan ham tanqidlar yetarlicha, uning ish uslubini qoralovchilar ko‘plab topiladi, bir necha bor jinoiy ishlar figurantiga aylangan, ammo bularning hech biri unga nisbatan beriladigan ijobiy ta'riflarni inkor qilolmaydi: Li Gon Xi – atoqli biznesmen, mohir boshqaruvchi, kelgusidagi ijobiy o‘zgarishlar uchun og‘riqli qarorlarni-da qabul qila oluvchi qat'iyat sohibi edi.

«Xotin va bolalaringizdan tashqari hamma narsani o‘zgartiring»

1988 yil, Seul. Li Gon Xi Samsung tashkil topganining 50 yilligi munosabati bilan tantanali tadbirda nutq so‘zlamoqda.
Foto: Yonhap News / Legion Media

Tadbirkorning ishga yondashuvi va falsafasini uning o‘zi ta'kidlagan yuqoridagi iqtiboschalik aniq ochib beradigan jumla topish qiyin. U 1993 yilda barcha o‘rinbosarlari va asosiy yordamchilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda shunday iqtibos bilan konsern faoliyatida tub burilish yasash shartligini talab qilgan edi.

Li o‘sha yili Los-Anjyelesda bo‘lganida guvoh bo‘lgan manzara katta ta'sir qilgan deyishadi: u Samsung ishlab chiqargan televizorlar yapon raqobatchilarnikiga qaraganda 100 dollar arzonroq bo‘lsa-da, sotilmay chang bosib yotgani, yapon ishlab chiqaruvchilarining maishiy texnikalarini ancha qimmat bo‘lsa-da mamnuniyat bilan sotib olishayotganini ko‘radi.

Bundan tashqari, o‘shanda televideniyeda efirga uzatilgan ko‘rsatuvda Samsung ishchilari kir yuvish mashinasidagi plastik detallarning ortiqcha qismlarini qo‘lda kesayotganiga guvoh bo‘ladi.

1970-yillar. Samsung televizorlarini yig‘ish jarayoni

Shu kabi holatlar Samsung boshqaruvini otasi – kompaniya asoschisi Li Byon Chxoldan 1987 yilda qabul qilib olgan menejyerda qat'iy islohot o‘tkazish fikrini uyg‘otadi. Mashhur iqtibosga aylanib ketgan yuqoridagi topshiriq asosida, 1993 yildan Samsung bozordagi ulushi va sotuvlar hajmi kamayishiga ham rozi bo‘lib, asosiy e'tiborni sifat va texnologiyalarga qarata boshlaydi.

Samsung o‘zgargani, uning qadriyatlari yangilanganining isboti sifatida, ikki yildan so‘ng zavod omborlarida yotgan, nuqsonli holda chiqqan 150 mingdan ortiq smartfon, televizor va boshqa texnikalar Li Gon Xining ko‘rsatmasi bilan namoyishkorona yoqib yuboriladi. Bu tadbirni kompaniyaning 2 mingdan ortiq xodimi qo‘llariga «Sifat hamma narsadan ustun» yozuvli bog‘ich bog‘langan holda kuzatadi.

Kelajakni ko‘ra olish – biznesda katta qurol

Li Gon Xi yirik biznesmenlarga xos ravishda kelajakni taxmin qila olar va qisman uni o‘z tashabbuslari bilan yaratardi ham. 1974 yilda u yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi Korea Semiconductors kompaniyasini sotib olganida, otasi – Samsung'ning o‘sha vaqtdagi rahbari bu xaridni pulni havoga sovurish deb hisoblagan va o‘g‘liga yarimo‘tkazgichlar emas, tekstil sanoati va tegirmon biznesiga pul tikishni maslahat bergan.

Ammo Li Gon Xi aynan yarimo‘tkazgichlar Samsung'ning kelgusidagi lokomotiviga aylanadi deb taxmin qilgan. «Qachongacha chet el texnologiyalariga to‘la qaram davlat bo‘lib qolaveramiz? Texnologik mustamlaka holatidan qutulish uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilishimiz kerak», – deya javob bergan u.

2003 yilda Li Gon Xi kompaniya kineskop televizorlar ishlab chiqarishni to‘xtatishini va bundan buyon televizorlarning faqat eng yangi – suyuq kristalli turi bilan shug‘ullanishini ma'lum qilgan. Vaholanki o‘sha vaqtda Samsung'ning barcha sotuvlari va daromadlarining chorak qismidan ko‘prog‘i aynan kineskop televizorlar hissasiga to‘g‘ri kelardi. Li bu turdagi televizorlar XX asr mahsuloti bo‘lib qolishini nazarda tutgan. Aftidan, AQSh do‘konlarida sotilmay chang bosib turgan televizorlar doimiy ravishda Samsung rahbarining xayolini band qilib kelgan.

Natijada, 2006 yilga kelib Samsung Electronics televizorlar bo‘yicha jahon bozoridagi eng asosiy raqobatchisi – Yaponiyaning Sony konglomeratidan o‘zib ketadi. Amerika bozorlarida ham endi Samsung brendidagi televizorlar xaridorgir mahsulotga aylana boshlaydi.

Izsiz ketmagan Yaponiya va AQShdagi ta'lim

Li Gon Xi otasi Li Byon Chxol bilan

Li Gon Xi 1942 yil 9 yanvarda Koreya janubi-g‘arbidagi Tegu shahrida tug‘ilgan. Oilaning moddiy ahvolini yomon deb bo‘lmasdi; Gon Xi tug‘ilishidan 4 yil oldin otasi Li Byon Chxol Samsung'ga asos solgan. Oilada 8 farzand, jumladan 3 o‘g‘il voyaga yetgan, Gon Xi kenja o‘g‘il bo‘lishiga qaramay, otasi merosining katta qismi unga nasib qilgan.

Kichik Li muayyan muddat koreys maktabida o‘qigach, otasi uni Yaponiyaga o‘qishga yuboradi. U bakalavr darajasini Yaponiyada, magistr darajasini esa AQShdagi Jorj Vashington universitetida oladi. So‘ng Samsung tuzilmasidagi korxonalarda ishlay boshlaydi.

1987 yilda, Li Byon Chxol vafotidan ikki hafta o‘tib, 45 yoshli Gon Xi Samsung boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi. Shundan keyin o‘tgan 33 yil ichida konglomerat kapitali hajmi 348 barobarga o‘sdi, sof foydasi ham yuzlab karraga ko‘paydi.

Albatta, 1980 yillardagi Samsung'ni hech bir muvaffaqiyatga erishmagan deb bo‘lmaydi; o‘sha yillarda ham kompaniya mahalliy bozor o‘lchovlari bo‘yicha yirik xolding darajasida edi, ammo baribir «dengiz»dagi emas, «hovuzdagi asosiy baliqlardan biri» bo‘lib qolayotgandi. Biroq 2014 yilga kelib – Li Gon Xi yurak xurujini boshdan kechirib, kasalxonaga yotqizilgan va kompaniya boshqaruvini o‘g‘liga topshirgan vaqtda, Samsung yetti qit'aga dong‘i ketgan gigant texno-imperiyaga aylangandi. Ayni paytda koreys biznes-guruhlari ichidagi eng yirigi ham Samsung bo‘lib qolmoqda.

Ma'lumotlarga qaraganda, Li Gon Xi yangi texnologiyalar yaratishga pul tikish haqida 1970 yillardanoq gapira boshlagan. U AQSh va Yaponiyadagi bir qator ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishganidan keyin shunday fikrga kelgan, bu esa tadbirkor otaning farzandini o‘qishga yuborishda adashmaganini ko‘rsatadi.

O‘z epoxasining odami

Shu kunlarda Li Gon Xi vafoti munosabati bilan uning yaxshi sifatlari, muvaffaqiyatlari tez-tez eslanmoqda. Ammo xolislik uchun uning biografiyasida unchalik yorqin bo‘lmagan sahifalar ham borligini ta'kidlash lozim.

Koreyada Lining tanqidchilari yetarlicha; Samsung'ning ma'naviy obro‘si borasida ham turlicha fikrlar bor. Xususan, korporatsiya uzoq vaqt o‘z ishchilarining kasaba uyushmasiga birlashishiga to‘siq bo‘lgani, xodimlarni o‘ta qattiq talablar asosida ishlatgani aytiladi. Aytishlaricha, Samsung ishchilarni «limondek siqib, so‘ng bir martalik stakan kabi uloqtiradi», chunki xodimlarga hatto shunday munosabat ham bo‘shagan ish o‘rnini egallash istagida bo‘lganlar sonini kamaytirmaydi.

Shu bilan birga, kompaniyaning ichki sirlarini bilishga uringan yoki bu sirlarni oshkor qilgan xodimlarga nisbatan mutlaqo toqatsiz ekanini ham qayd etishadi.

Samsung-taun, Seul

Li Seul markazidagi uyidan ko‘p ham tashqariga chiqavermagani, Samsung shtab-kvartirasida unchalik ham tez-tez ko‘rinish beravermasligi va jurnalistlar bilan suhbatlarni rad etishi tufayli unga Koreyada «tarki dunyochi qirol» degan sifat ham berishadi.

Ta'kidlash joiz, Janubiy Koreyada nafaqat ko‘plab prezidentlar, balki yirik konsernlar rahbarlari ham ozodlikdan mahrum etib turiladi. Li Gon Xi ham ikki marta jinoiy ish doirasida tergov qilingan: 1995 yilda prezident Ro Txe Uga pora berishda, 2008 yilda esa soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblangan. Har ikki safar ham oqlangan bo‘lsa-da, ikkinchi gal u shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilib, 2 yilga Samsung rahbariyatidan ketishga majbur bo‘lgandi.

Samsung Electronics vitse-prezidenti Li Dje Yon
Foto: Yonhap via Reuters

Lining o‘g‘li – kompaniya vitse-prezidenti, amalda olti yildan buyon konsernni boshqarib kelayotgan Li Dje Yon ustidan ham jinoiy ish ochilgan. U 2014 yilda, otasi xastalikka chalingan vaqtdan buyon amalda birinchi rahbar bo‘lib qolmoqda, ammo koreys an'analariga binoan, ota vafot etmagunga qadar o‘g‘il kompaniyaning eng yuqori lavozimini rasman egallay olmaydi.

52 yoshli Li Dje Yon va Samsung'ning yana 4 nafar top-menejyeri ustidan 2017 yilda jinoyat ishi ochilgan. Ular sobiq prezident Pak Kin Xening eng yaqin dugonasiga 43,4 mlrd von (taxminan 38 mln dollar) miqdorida pora berganlikda ayblangan. Bunga qo‘shimcha ravishda Dje Yon xorijdagi aktivlarini yashirish va parlament eshituvida yolg‘on axborot berishda ham ayblangan va 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Oradan bir yil o‘tib, 2018 yil boshida sud uning apellyatsiyasini ko‘rib chiqib, jazoni 2,5 yillik shartli muddatga almashtirgan va u ozodlikdan chiqarilgandi.

Ammo bu bilan ish yopilmadi: 2019 yil avgustida Li Dje Yon ustidan tergov qayta boshlandi, u yana qamoqqa qaytishi ehtimoli yuzaga keldi. Shu boisdan Dje Yon otasining vafotidan keyin ham de-yure Samsung boshqaruvini qo‘lga ola olmasligi mumkin bo‘lib qolmoqda.

Rekord miqdordagi meros solig‘i

Li Gon Xi rafiqasi Xon Na Xi bilan / Foto: CNN

Li Gon Xi 1966 yilda, Seul davlat universitetining San'at fakulteti talabasi Xon Na Xi bilan tanishib, bir yildan so‘ng unga uylanadi. Ular uch farzand – bir o‘g‘il va ikki qizni voyaga yetkazishdi. Yakka o‘g‘il Chje Yon Samsung'ning asosiy vorisi ekani haqida to‘xtalib o‘tdik. Marhumning qizlari – Pu Chjin va So Xyun Samsung tizimidagi sho‘'ba korxonalarga egalik qiladi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, Li Gon Xi – Janubiy Koreyaning eng badavlat odami edi. Forbes'ga ko‘ra, uning boyligi 20,9 milliard dollar, Koreya Respublikasi Moliyaviy nazorat xizmati ma'lumotlariga ko‘ra esa 18,2 trillion von (16 mlrd dollardan ortiq) qiymatga ega. Bu boylik uning bevasi va uch farzandi o‘rtasida qanday taqsimlanishi hozircha noma'lum.

Li Gon Xi ikki qizi bilan / Foto: Reuters

Reuters bilan suhbatlashgan tahlilchilar merosxo‘rlar boylikni taqsimlashda ahillik namoyish etishlariga umid bildirgan. Nizo kelib chiqqan holda bu kompaniya faoliyatidagi moliyaviy raqamlarda aks etishi ehtimoli yuqori.

Ammo shunisi aniqki, Li Gon Xining vafotidan so‘ng Koreya g‘aznasiga merosdan olinadigan rekord miqdordagi soliq kelib tushadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, merosxo‘rlar 18 trillion von merosning 55 foizdan ko‘prog‘i, yoki 10 trillion vonini soliq sifatida to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Top