08:56 / 26.10.2020
40198
O‘zbekiston hududiga sovuq havo oqimining kirishi kutilmoqda

Joriy yilning 27 oktabr kuni respublikaning shimoliy tumanlariga, 28-29 oktyabrda butun O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismi (Moskva oblasti)dan Volgabo‘yi orqali sovuq havo oqimining kirishi kutilmoqda. 

Foto : KUN.UZ

Bugun O‘zbekiston hududida ob-havo kam bulutli va iliq bo‘ladi. Kunduzi harorat 20-23 darajagacha, janubda 26 darajagacha ko‘tariladi.

Ertaga respublika shimoliga Rossiyaning Yevropa qismi (Moskva oblasti)dan Volgabo‘yi orqali sovuq antitsiklon kira boshlaydi, deb xabar qilmoqda «O‘zgidromet».

28 oktyabrda sovuq havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat foni 8-10 daraja pasayadi. Ko‘pchilik viloyatlarda kunduzgi havo harorati 10-13 daraja atrofida bo‘ladi. Kuchsiz, asosan qor ko‘rinishidagi yog‘inlar faqat mamlakatning tog‘li va baland tog‘li hududlarida kuzatilishi mumkin.

Iliq va sovuq havo oqimlarining bosimlari tafovuti respublika hududi bo‘yicha shamolning tezligi sekundiga 17-22 metrgacha kuchayishiga olib keladi.

Sovuq havo oqimining ta'siri 29 oktyabrda va 30 oktyabrda kechasi saqlanib turadi, 30 oktyabrda kunduzi antitsiklon shimoli-sharqqa chekina boshlaydi va havo asta-sekin isiydi.

29 va 30 oktabr kunlari tungi havo harorati 0-3 daraja iliq bo‘ladi, ayrim joylarda birinchi ayoz kuzatiladi — harorat 1-2 daraja sovuq bo‘ladi. 29 oktyabrda kunduzi 10-13 daraja iliq atrofida bo‘ladi, 30 oktyabrda esa biroz — 13-16 darajagacha isiydi. Bu kunlarning harorati oktabr oyi uchun xos bo‘lgan me'yoriy qiymatlardan 7-9 darajaga past bo‘ladi.

31 oktyabrda O‘zbekiston hududiga Eron tomondan issiq havo kira boshlaydi. Tungi ayoz to‘xtaydi, kunduzi esa harorat 18 daraja, ayrim joylarda undan ham yuqori bo‘ladi.

Top