13:32 / 26.10.2020
6126

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi investitsion loyihalar holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi bosh inshootida «Propan-butan ajratib olish 1-, 2- va 5-qurilmalarini modernizatsiya qilish» investitsiya loyihasi bo‘yicha yakuniy bosqichda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan tanishdi.

Loyiha bo‘yicha ishlab chiqilgan texnik yechimlarga asosan, mavjud propan-butan aralashmasini olish qurilmalarida tabiiy gaz tarkibidan propan-butan aralashmalarini ajratib olishni oshirishga qaratilgan modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Natijada, yiliga qo‘shimcha umumiy 61,0 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, mamlakatimiz aholisi, kommunal soha va sanoat ehtiyojlari talabini qondirishga yo‘naltiriladi.

Loyihani amalga oshirish uchun Ukrainaning «Sumskoye NPO», Rossiyaning «KMPO», «NIPI NG PeTON», «Elektrostandart-pribor», Shveytsariyaning «Endress+Hauser» va boshqa chet el kompaniyalari bilan bir qatorda «O‘zbekkimyomash zavodi» AJ, «Uzpromarm» kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan texnologik apparatlar va uskunalar yetkazib berilmoqda.

Hozirgi kunga qadar loyiha bo‘yicha yetkazib berilayotgan uskunalardan va apparatlardan foydalanib, loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bilan suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida, qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, propan-butan aralashmasi olish qurilmasi 2- va 5-navbatlarida separatorlar o‘rnatish, deetanizator kolonnasi ichki elementlari o‘rniga yangi «Peton» kontakt elementlarini o‘rnatish, boshqaruv klapanlarini almashtirish, metanol purkash tizimini montaj qilish hamda boshqa texnologik yechimlar bo‘yicha ishlar bajarildi.

Bugungi kunda respublika iste’molini va kuz-qish mavsumida aholining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi topshirig‘iga asosan qurilmalarni tezkorlikda ishga tushirish yuzasidan texnologik yechimlar ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda. Yetkazib berilgan texnologik apparatlar va uskunalarni o‘rnatish, sexlararo asosiy quvurlarni montaj qilish ishlari 98 foizga bajarib bo‘lingan.

Loyihaga ko‘ra, bir qator texnologik qurilmalarda ishga tushirish oldi sozlash ishlari va asosiy texnologik quvurlarni ulash ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj ishlarini to‘liq yakunlab loyihani qisqa muddatda ishga tushirish uchun Boshqaruv raisi tomonidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi, ishlab chiqarish va qurilish montaj ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan muammoli masalalarning yechimi yuzasidan mas’ul xodimlarga ko‘rsatmalar berildi.

Bosh pudratchi «Muborakneftgazmontaj» AJ tomonidan montaj ishlari jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.

Boshqaruv raisi tomonidan loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish va kuz-qish mavsumida aholi hamda iqtisodiyot ehtiyojlarini qo‘shimcha suyultirilgan gaz bilan ta’minlash choralarini ko‘rish kerakligi ta’kidlab o‘tilib, yana bir bor mas’ul rahbarlarga karantin cheklovlari bekor qilinmagani, balki yumshatilganini yodda tutish lozimligi, unga qat’iy amal qilgan holda loyiha doirasidagi ishlarni tashkil etish vazifalari berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top