21:09 / 26.10.2020
15162

Prezident qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 oktabr kuni qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

«Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami kengaydi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar qurilib, aholining eng muhim talabi qondirilmoqda. Xususan, joriy yilda qishloqlarda 12 mingdan ziyod, shaharlarda 18 mingdan ortiq ko‘p qavatli turar joy barpo etilmoqda.

Sardoba suv omboridagi hodisadan keyin Sardoba hamda Mirzaobod tumanlarida qisqa muddatda 86ta besh qavatli uy qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ushbu tajribadan foydalanib, loyihalarni takomillashtirish, turar joylarni aholi uchun yanada arzon qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Shunga muvofiq, besh qavatli uylar loyihasi qayta ko‘rib chiqilib, xonadonlarning joylashuvi va xonalarning ichki maydoni maqbullashtirildi. Qurilish materiallari loyihaga mos o‘lchamda ishlab chiqariladi, isrof bo‘lmaydi. Hovli va yo‘laklarga sensorli elektr chiroqlari qo‘yiladi. Bu kabi tejamkor choralar natijasida uylarning narxi o‘rtacha 30 foizgacha arzonlashadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident ushbu loyihani ma'qullab, bunday turar joylarni aholi zich joylashgan barcha tumanlarda qurish zarurligini ta'kidladi.

«Yana bir loyiha Toshkent davlat texnika universiteti hududida zamonaviy o‘quv-amaliy kompleks barpo etishga qaratilgan.

Dunyo tajribasidan ma'lumki, ko‘plab mashhur ilmiy muassasalar universitetlar ichida joylashgan. Rejalashtirilayotgan majmua ham shu hududdagi Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Turin politexnika universitetidagi jami 36 ming talaba, 2 mingdan ziyod professor-o‘qituvchilar uchun shunday markaz bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bu yerda bir paytda 500ta startap rezidentlari, 120ta ishlab chiqarish korxonasini joylashtirish mumkin bo‘ladi», deyiladi xabarda.

Toshkent shahrida aholini arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash chora-tadbirlari haqida ham ma'lumot berildi.

Joriy yil 2 oktabr kuni Qoraqalpog‘istonga safar chog‘ida Nukus shahrini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi. Shu maqsadda shaharning istiqboldagi zamonaviy markazini barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Unga muvofiq, ko‘chalarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘llar va istirohat bog‘lari tashkil etish, savdo va maishiy xizmatlarni ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Prezident ushbu loyihalar bilan tanishib, ularni takomillashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi.

Top