11:11 / 26.10.2020
40920
Sherzod Shermatov internetda suratlari tarqalgan achinarli ahvoldagi sinfxonalar bo‘yicha munosabat bildirdi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan Chiroqchidagi maktab filiali va shu kabi binolar masalasida fikr bildirdi.

Vazir O‘zbekistonda 1170ta maktab filiallari mavjudligi, ulardan 300tasi aholi tomonidan qo‘lbola usulda qurilib, foydalanib kelinayotgani to‘g‘risida ma'lumot bergan. Uning aytishicha, mazkur binolarni yopish yoki maktablar tarkibiga qo‘shib yuborish yoki o‘sha hududda yangi maktablar qurish masalasi mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan.

«Shu paytgacha maktablarga deyarli investitsiya kiritilmagan. Oxirgi ikki yilda maktabga bo‘layotgan investitsiya o‘zgardi. Ungacha asosan kollej va litseylarga investitsiya ajratilgan.

Tan olishimiz kerak, aholimizning ham, iqtisodiyotimizning ham moliyaviy ahvoli unchalik maqtanadigan darajada emas.

Chiroqchida ham, boshqa joylarda ham ko‘p muhokamaga sabab bo‘ladigan masalalardan biri - filiallar. Filial degani nima? Aholi o‘sha joyga ko‘chib borgan, lekin ko‘pchiligining kadastr hujjati ham yo‘q. O‘zi hashar yo‘li bilan qurgan binoni maktabni filiali qilib ochib qo‘ygan. Chunki asosiy maktab uzoqda joylashgan. Qishloqlarda, tog‘li hududlarda o‘qishga borish uchun transport yo‘q. Shuning uchun ham o‘sha maktablarning ahvoli qo‘rqinchli holatda bo‘ladi. Chunki ular paxsadan, qo‘l uchida qurilgan binolar. Bular davlat dasturi bilan qurilgan maktablar emas.

Bunga obektiv sabablar ham ko‘p. Chunki SSSR tarqalganidan keyingi davr taqqoslansa, shu paytgacha aholi soni eng ko‘p o‘sgan davlat O‘zbekiston bo‘ldi. 1990 yilga solishtirsak, aholi soni 16 mln kishiga oshgan. Keyingi o‘rinda joylashgan Tojikistonda aholi soni 4 mln kishiga ko‘paygan. Rossiyada esa aholi kamaygan.

16 mln kishining asosiy qismi yoshlar. Ular uchun ko‘proq maktab, poliklinika va boshqa yangi zururiy inshootlarni qurishimiz kerak. Shuncha yilda qilinmagan ishni ikki yilda qilib bo‘lmaydi.

Respublikada 1170ta shunday filial bor. Ularda hamma o‘quvchilardan bor yo‘g‘i 1 foizi o‘qiydi. Filiallar kichkina qurilgan, bittagina xonadan iborat. Bitta xonada 1, 2, 3-sinf ham o‘qiydi. Borsangiz qiziq-qiziq holatlarga guvoh bo‘lasiz.

Ikkinchidan, o‘sha 1170ta filialdan taxminan 300tasi qo‘lbola usulda qurilgan. Aholi o‘zi qurib olgan. «Maktabga kelgin», deyilsa joy uzoq. Boshqa bir joyda bu qishloqdagi odam «u qishloqqa bormayman» deydi.

Bu masalaga kompleks yondashish kerak. Umumiy vaziyatga qarsak, o‘sha qishloqlarda suv ham, yo‘l ham yo‘q. Bu bo‘yicha vazifa qo‘yilgan. Ya'ni biror hudud rivojlanadigan bo‘lsa, uning «genplani» bo‘lishi kerak. Shu asosda uylar qurilishi, keyin ijtimoiy infratuzilma bo‘lishi lozim.

Aholi o‘zboshimchalik bilan dala yoki tog‘ning o‘rtasiga ko‘chib borib, u yerda yashaydigan bo‘lsa, keyin shunaqa holat yuzaga keladi. Bog‘chasi ham, maktabi ham yomon ahvolga tushadi.

Bunaqa eski, qolib ketgan filiallar bo‘yicha prezidentimiz tomonidan mahalliy hokimliklarga vazifa qo‘yilgan. O‘sha maktablarning hammasini yoki ta'mirlash, yoki yopib asosiy maktabiga o‘tkazib yuborish yoki aholi soni o‘sadigan bo‘lsa, o‘sha joyda yangi maktab qurib berish kerak», dedi Sherzod Shermatov.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqda Chiroqchidagi maktab filialidagi og‘ir ahvol aks etgan suratlar tarqalib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keng muhokama qilingandi.

Top