00:15 / 26.10.2020
24398

Tixanovskaya Belarusda umummilliy ish tashlash boshlanishini e'lon qildi  

Foto: Reuters

Belaruslik muxolifatchi Svetlana Tixanovskaya 26 oktyabrdan Belarusda umummilliy ish tashlash boshlanishini e'lon qildi. Uning aytishicha, hokimiyat “Xalq ultimatumi kuni”da odamlarning talabini bajarmadi.

“26 oktyabrda umummilliy ish tashlash boshlanadi. Belaruslar ularning so‘zlari qonun ekanligi uchun buni amalga oshirishadi. Bunda bizga bosh tinch qurolimiz – birdamligimiz yordam beradi”, – deb aytilgan Tixanovskayaning bayonotida. 

Tixanovskaya ish tashlashlarni quyidagi shior ostida o‘tkazishni taklif qilgan: “Men nafaqat o‘z ishimni to‘xtataman, men qonunsizlik va adolatsizlikni to‘xtataman”.

Tixanovskaya nafaqat ishga chiqmaslikka, balki yo‘llarni to‘sishga, davlat do‘konlarida xaridlar amalga oshirmaslikka, davlat xizmatlari va servislaridan foydalanmaslikka chaqirgan.

Muxolifatchi 25 oktyabrda Belarusda o‘tgan norozilik namoyishlarida shovqin granatalari qo‘llanganini ta'kidlab o‘tgan. Uning fikricha, bu “tuzum haqiqatni gapirishga, o‘z so‘zlariga javob berishga va odamlar talabini bajarishga tayyor emas”ligidan darak beradi. “Demak, bu tuzum belarus xalqiga munosib emas. Demak, bu tuzum hokimiyatni yo‘qotadi”, – deb qo‘shimcha qilingan bayonotda.

Avvalroq Tixanovskaya Belarusning amaldagi rahbariyatiga bir nechta talab qo‘ygandi. Ularga ko‘ra, prezident Aleksandr Lukashenko iste'foga ketishi, barcha siyosiy mahkumlar ozod qilinishi va kuch tuzilmalari zo‘ravonliklari to‘xtatilishi kerak.

Ushbu talablarni bajarishga 25 oktyabrgacha muhlat berilgan. Tixanovskaya ta'kidlaganidek, agar bu yuz bermasa, 26 oktyabrdan ommaviy ish tashlashlar va yo‘llarning to‘silishi boshlanadi.  

Belarus poytaxti Minsk va boshqa shaharlarda 25 oktyabrda mamlakatda o‘tgan prezident saylovlari natijalariga norozi bo‘lganlarning “Xalq ultimatumi kuni” bo‘lib o‘tdi. “Nexta Live” Telegram-kanali hisob-kitobiga ko‘ra, ko‘chalarga 100 mingdan ko‘proq kishi norozilik bildirgani chiqqan. Kuch tuzilmalari ularga qarshi maxsus vositalar qo‘llagan, 100dan ko‘proq kishi ushlangan.

Mavzuga oid
Top