18:13 / 27.10.2020
134060
Sobiq ittifoq respublikalari orasida aholisi eng kambag‘ali ma'lum bo‘ldi

Tojikistonliklarning o‘rtacha yillik daromadi qirg‘izistonliklardan 1,4 marta, o‘zbekistonliklardan 2 marta, qozog‘istonliklardan 10 marta kam. Bu haqda Xalqaro valuta fondining hisob-kitoblariga asoslanib, «Aziya-Plyus» yozmoqda.

Foto: cdn.fishki.net

Manbada yozilishicha, aholisi 9,5 millionga yaqinlashayotgan Tojikiston odamlari asosiy daromadini xorijda ishlab topadi. Mamlakatda qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullansa bo‘ladigan yer zaxirasi juda kam, chunki hududining asosiy qismini tog‘-toshlar tashkil etadi. Buning ustiga, mamlakat foydali qazilmalarga boy emas. Ana shu omillar hisobiga Tojikiston aholisi sobiq ittifoq respublikalari aholisi orasida eng kambag‘ali bo‘lib qolmoqda.

Xalqaro valuta jamg‘armasi ma'lumotiga ko‘ra, Tojikistonda aholi jon boshiga hisoblaganda o‘rtacha yillik daromad 833 dollarni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 1 147 dollarni, O‘zbekistonda 1 762 dollarni, Qozog‘istonda 8 781 dollarni tashkil etadi. Turkmaniston haqida esa ma'lumot mavjud emas.

2019 yil Tojikiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 77,3 milliard somoniyni tashkil etdi (yil boshidagi kurs bo‘yicha 7,9 milliard dollar). Bu mamlakatning jon boshiga taxminan 840 dollarga to‘g‘ri keladi. Tojikiston aholisi 2020 yil boshida 9,3 million kishidan oshiqroq edi. Ayni paytda, XVJning oktabr oyida o‘tkazilgan «Jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari» hisobotida Tojikiston iqtisodiyotining o‘sishi o‘tgan yilgi 7,5 foizdan bu yil 1 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. XVJ iqtisodchilari 2021 yilda Tojikistonning iqtisodiy o‘sishini 6 foizgacha ko‘tariladi deb taxmin qilmoqda.

Tojikiston hukumati yil boshida 2020 yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,9 foiz o‘sishini reja qilayotgan edi, ammo pandemiya sabab iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham, prognozlar ham keskin pastlab ketdi.

Possovet hududida aholi jon boshiga o‘rtacha yillik daromad eng yuqori ko‘rsatkich Boltiqbo‘yi mamlakatlarida: Estoniyada 23 ming dollar, Litvada 20 ming dollar, Latviyada 17,2 ming dollardan ortiq. Rossiyada bu ko‘rsatkich 9 972 dollarni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Belarus (6 133 dollar), Armaniston (4 314 dollar), Moldova (4 267 dollar), Ozarboyjon (4 124 dollar) va Ukraina (3 491 dollar) bormoqda.

XVJning so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoning atigi to‘rtta mamlakatida daromadlar aholi jon boshiga hisoblaganda 100 ming dollardan oshadi. Bular – Qatar (139 ming dollar), Makao (113 ming dollar), Lyuksemburg (112 ming dollar) va Singapur (105 ming dollar).

Aholi jon boshiga hisoblaganda eng past daromad Afrikaning uchta davlatida qayd etiladi: Kongo (661 dollar), Burundi (630 dollar) va Markaziy Afrika Respublikasida (368 dollar).

Top