21:52 / 27.10.2020
9561
Habib Nurmagomedov ilk marta UFC umumiy reytingi yetakchisiga aylandi

Rossiyalik aralash jang ustasi Habib Nurmagomedov UFC ligasidagi umumiy reytingda ilk marta birinchi o‘ringa chiqib oldi. U Jastin Getjini mag‘lub etgach, vazn toifasidan qat'i nazar liganing eng yuqori reytingli sportchisiga aylandi.

Reytingning suratini Habib Nurmagomedov Instagramdagi sahifasida joylagan. Unda Nurmagomedov reytingda Jon Jonsni ortda qoldirgani ko‘ringan. Nurmagomedovga mag‘lub bo‘lgan Jastin Getji 3 pog‘ona pastlab, 10-o‘rinda qayd etilgan. Konor Makgregor 11-o‘rinda, Toni Fergyuson esa 13-pog‘onaga joylashgan.

Habib Nurmagomedov 24 oktabr kuni amerikalik Jastin Getjiga qarshi bahsda chempionlik kamarini himoya qilgandi. Getjini ikkinchi raundda bo‘g‘ish usuli bilan mag‘lub etgan Nurmagomedov jang tugashi bilan faoliyatini yakunlaganini e'lon qilgandi: «Ota-onangiz bo‘lsa, ularni qadrlang. Endi menda faqat onam qoldilar. Onam otamsiz ortiq jang qilmasligimni so‘radilar», degandi rossiyalik sportchi boshqa jang qilmasligini e'lon qilar ekan.

Habib Nurmagomedov UFC ligasida 29 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan.

Top