19:04 / 27.10.2020
10647

Lukashenko namoyishlarda qatnashgan talabalarga o‘qishdan chetlatish bilan tahdid qildi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko norozilik namoyishlarida qatnashgan talabalarga o‘qishdan chetlatish bilan tahdid qildi.

«Talabalar. O‘qish uchun keldingizmi – o‘qing! Kim xohlasa – o‘qisin. Kim qonunni buzib ruxsat berilmagan namoyishlarga chiqsa – talabalikdan mahrum qilinadi. Iltimos, men aytganimdek, ularni yoki armiyaga yuboringlar yoki [universitetdan] ko‘chaga chiqarib yuboringlar», – degan Lukashenko oltinchi UmumBelarus milliy yig‘ilishiga tayyorgarlik chog‘ida.

Oktabr oyining boshlarida talabalari norozilik namoyishlarida qatnashgan 3 ta oliy o‘quv yurtining rektorlari ham ishdan bo‘shatilgan edi. Hukumat buni «tartibga solish» maqsadida amalga oshirilganini ta'kidlagan.

Sentabr oyida «Belarus – Kelajak» fondi norozilik namoyishlarida qatnashib, oliygohlardan haydab yuborilgan talabalarni Ukraina universitetlariga o‘qishga kirishiga yordam berishini ma'lum qilgan. Yordam aynan qanday shaklda bo‘lishi ochiqlanmagan.

26 oktabr kuni Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya hukumat «xalq ultimatumi»ni bajarmagach, umummilliy ish tashlashlar haqida e'lon qilgandi.

Zabastovkaga qator davlat va xususiy korxonalar xodimlari, talabalar ham chiqmoqda. Shuningdek, Tixanovskaya xususiy biznes, diniy jamoalar, madaniyat, sport tashkilotlari va IT kompaniyalarini zabastovkaga qo‘shilishga chorlagandi.

Top