22:50 / 27.10.2020
4518
Yevropaning 200ga yaqin aeroporti pandemiya tufayli yopilishi mumkin

Yevropaning 200ga yaqin aeroportiga koronavirus pandemiyasining aviatsiya sohasiga salbiy ta'siri davom etayotgani sababli to‘lovlarni amalga oshira olmaslik xavf solmoqda.  

Foto: EPA

Aeroportlar lobbistik guruhi ACI Europe ma'lumotlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari hukumatlari aviatsiya sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq sa'y-harakatlar amalga oshirmasa, ushbu tarmoqning katta qismi tanazzulga uchrashi mumkin.

Ta'kidlanishicha, Yevropada jami 740ta aeroport mavjud bo‘lib, ulardan 193tasi xavf ostida. Uyushma aynan qaysi aeroportlar xavf ostida ekanini ko‘rsatmagan, biroq bu asosan hududiy aeroportlar bo‘lib, ular 227 ming kishini ish o‘rni bilan ta'minlaydi.   

“Inqiroz boshlanganidan 8 oy keyin Yevropaning barcha aeroportlari ochiq qolish uchun pul sarflamoqda, daromadlar esa kapital xarajatlar tugul  ekspluatatsiya xarajatlarini ham qoplamayapti”, deb aytgan ACI Europe bosh direktori Oliver Yankovets.

Tashkilotda ma'lum qilinishicha, Yevropa aeroportlarida sentyabrda yo‘lovchilar oqimi 2019 yilning sentyabriga nisbatan 73 foiz kamayib ketgan.

Daromadlar karantin cheklovlari kiritilishi ortida yo‘lovchilar soni keskin qisqarib ketgani sababli kamayib ketgan.

Tashkilot yirik aeroportlar ham bosim ostida ekanidan ogohlantirmoqda: Yevropaning 20 ta eng yirik aeroporti 16 mlrd yevro qo‘shimcha qarz olgan, bu esa ularning koronavirus inqirozigacha olgan daromadining 60 foiziga teng.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top