22:33 / 28.10.2020
10938

BMTning 75 yili. Vazifalar qanday uddalanmoqda?

Ikkinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra, g‘olib davlatlar tashabbusi bilan tuzilgan jahondagi eng katta va nomi jihatdan eng nufuzli tashkilot o‘zining 75 yoshini har qachongidan ham murakkab vaziyatda kutib oldi. Tuzilganida juda katta umidlar uyg‘otgan, uzoq vaqt chindan ham katta vazifalarni uddalagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti yetishgan yoshiga mos tarzda toliqib qolgandek tasavvur uyg‘otmoqda.

Dastlabki qadamlar
Insoniyatga qirg‘inlar bilan birga bitmas ma'naviy jarohatlar yetkazgan ikkinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra, barcha davlatlarning boshini qovushtiruvchi, eng muhim masalalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazuvchi, urushdan keyingi «o‘yin qoidalari»ni belgilab beruvchi hamda uning talablarini barcha tan oluvchi tashkilotga zarurat borligi anglab yetildi.

Aslida «Birlashgan Millatlar» degan atama bundan oldinroq – 1942 yilda «Birlashgan Millatlar deklaratsiyasi» imzolanganda qo‘llangandi.

1945 yilning 26 iyunida 50 davlat ishtirokida BMT nizomi tasdiqlandi va shu yilning 24 oktyabrida bu nizom kuchga kirdi (shundan buyon bu kun BMT kuni sifatida nishonlanadi).

BMT bosh kotibi har 5 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin. Ayni paytda o‘ziga xos jyentlmenlik kelishuviga (og‘zaki va qat'iy bo‘lmagan bitimga) ko‘ra, Xavfsizlik kengashiga doimiy a'zo bo‘lgan davlatlar bosh kotiblikka o‘z nomzodlarini ilgari surmaydi. Sababi Xavfsizlik kengashida doimiy o‘rin ham davlatga juda ko‘p imkoniyatlar beradi. Shuningdek, bosh kotib saylanishida qit'alararo navbatga ham alohida e'tibor beriladi. 2017 yildan buyon bu lavozimni portugaliyalik Antoniu Guterrish egallab turibdi.

Bosh Assambleya
BMT tuzilmasidagi eng yirik o‘rinni Bosh Assambleya egallaydi. Bosh Assambleyada BMTga a'zolikka davlatlar qabul qilinadi, deyarli barcha davlatlar vakillari ishtirok etuvchi eng yirik tadbirlar o‘tkaziladi, Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a'zo davlatlari tayinlanadi. Eng muhimi – Bosh Assambleya qarorlari barcha davlatlar uchun majburiy hisoblanadi.

Har yili sentabr oyida navbatdagi sessiyasini o‘tkazadigan Bosh Assambleyaning ko‘plab qo‘mitalari bor. Umuman, BMT sessiyalari navbatdagi, maxsus va favqulodda tartibda o‘tkaziladi. Maxsus va favqulodda sessiyalar odatda Xavfsizlik kengashi tashabbusi bilan va shoshilinch vaziyatlarda (masalan, kasallik tarqalganda, kutilmagan harbiy harakatlarda) o‘tkaziladi.

Xavfsizlik kengashi
BMT tarkibidagi juda nufuzli va ahamiyatli tuzilma – Xavfsizlik kengashi hisoblanadi. Xavfsizlik kengashi jahonda tinchlik va barqarorlikni ta'minlab turishda juda katta rol o‘ynaydi va uning qarorlariga ham BMTga a'zo bo‘lgan barcha davlatlar bo‘ysunishlari shart. Bu tuzilma BMT nizomi kuchga kirgan paytdan buyon ishlab kelmoqda va uning tarkibida 5ta doimiy va 10ta doimiy bo‘lmagan a'zo davlat bor.

Doimiy a'zolari AQSh, Rossiya (sobiq ittifoq huquqiy merosxo‘ri sifatida), Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy kabi davlatlardir. Bunday tarkib tanlanishiga ham asosiy sabab ikkinchi jahon urushining yakunlari, bu urushda davlatlar tanlagan pozitsiyalar bo‘lgan. Antigitler koalitsiyasiga qo‘shilgan davlatlar bu borada birinchi bo‘lishgan hamda hanuz o‘rinlarini saqlab kelmoqda. Doimiy a'zolarning juda muhim va mashhur huquqi – kengash qarorlariga nisbatan veto qo‘yish (qarorni kuchga kiritmaslik) huquqi mavjud. Veto huquqi ko‘p hollarda bu kengashning uzoq tortishuvlardan keyin qabul qilingan muhim qarorlarini besamar qilib qo‘yadi, sababi qarama-qarshi davlatlar o‘z manfaatlariga zid yoki raqibi manfaatiga mos qarorlarni bloklab qo‘yadilar. Bu holat, ayniqsa, AQSh-Rossiya, AQSh-Xitoy kabi davlatlar o‘rtasida ko‘p kuzatiladi.

Xavfsizlik kengashiga a'zolik masalasi bugungi kunda eng ko‘p bahslarga sabab bo‘layotgan mavzulardan biridir. Sababi, doimiy a'zo bo‘lgan davlatlarning mavqeyi BMT va bu kengash tuzilgan vaqtdagiga nisbatan ancha o‘zgargan. Masalan, iqtisodiy qudrat va siyosiy ta'sirga qaralsa, bu davlatlar orasida Germaniya yoki Yaponiyaning yo‘qligi ajablanarli. Aholi soni, muntazam o‘sayotgan nufuziga e'tibor berilsa, Hindistonning o‘rin olmagani g‘alati. Shu bilan birga, muntazam o‘zgarib turuvchi, doimiy bo‘lmagan a'zolar bo‘yicha ham ko‘p tortishuvlar bo‘ladi. Chunki bunday a'zolar Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi yoki Afrika davlatlaridan olinmasligi, ammo Xavfsizlik kengashining juda ko‘p masalalari shu hududlar muammolariga qaratilishi ham noroziliklar tug‘diradi.

Bugungi kunda BMT faoliyati ko‘p tanqidga uchrayotganining asosiy sabablaridan biri pandemiyadir. Juda ko‘p davlat rahbarlari, jumladan, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an BMT koronavirusga qarshi kurashda juda sustkashlikka yo‘l qo‘yganini ta'kidlagan va ularning bu fikrlarini ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan.

A'zo bo‘lish
BMTga a'zo bo‘lishning ham o‘ziga yarasha tartiblari bor. Birinchi navbatda faqat xalqaro tan olingan davlatlargina bu tashkilotga a'zo bo‘lishlari mumkin. 2011 yilda Janubiy Sudanning a'zoligi ortidan BMT tarkibidagi davlatlar soni 193taga yetdi.

Biror tan olingan davlat BMT a'zosi bo‘lishi uchun uni Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan 15 a'zosining kamida 9tasi, doimiy a'zolarining barchasi tasdiqlashi kerak. Xavfsizlik kengashi o‘z tavsiyasini Bosh Assambleyaga taqdim etadi. Bosh Assambleya navbatdagi sessiyada umumiy a'zolarning uchdan ikkisi roziligiga ko‘ra bu davlatni qabul qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6ta rasmiy tili bor:

1. Ingliz tili, BMTda ingliz tili kuni – 23 aprel (Shekspir tug‘ilgan kun);

2. Fransuz tili, bu til kuni — 20 mart (Xalqaro frankofoniya kuni);

3. Rus tili, bu til kuni — 6 iyun (Pushkin tug‘ilgan kun);

4. Ispan tili, bu til kuni — 12 oktabr («Día de la Hispanidad» — ispan madaniyati kuni);

5. Xitoy tili, bu til kuni — 20 aprel (xitoy yozuvi asoschisi Tsan Tszega bag‘ishlangan);

6. Arab tili, bu til kuni — 18 dekabr (1973 yilda Bosh Assambleyada arab tili rasman qabul qilingan kun).

So‘zga chiquvchilar mana shu tillardan birini tanlab so‘zlashlari, agar o‘zlariga ma'qul, ammo rasmiy til maqomida bo‘lmagan boshqa tilda yoki ona tilida so‘zlasa, rasmiy tillarning biridagi og‘zaki yoxud yozma tarjimani ta'minlab berishlari kerak.

O‘zbekiston 1992 yil 2 mart kuni jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosi sifatida BMTga a'zo bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘z chiqishlarining birida rasmiy til hisoblangan rus tilidan, yana birida esa o‘zbek tilidan foydalangan.

BMT bugun
Bugungi kunda tanqidlarga nishon bo‘layotganiga, ko‘pchilik qarorlari qog‘ozda qolib ketayotganiga qaramay, BMT o‘z asosiy vazifalarini uddalay olyapti. Ming va undan ortiq harbiylar qatnashgan urushlar soni keskin kamaygan, davlatlarning harbiy salohiyati keskin oshganiga qaramay, koalitsiya tuzgan holda olib borilayotgan yirik urushlardan tiyilib turibdilar, yadro qurollarining soni va vayronkorlik qudrati aql bovar qilmas darajaga yetgan bo‘lsa-da, Nagasaki va Xirosima xulosasini hozircha hech kim unutgani yo‘q.

BMT haqida qiziqarli faktlar:

  • Bu tashkilot shtab-kvartirasi uchun yer maydonini 1946 yilda milliarder, kichik Rokfeller 8,5 mln dollarga sotib olib bergan. Bu o‘z davrida juda katta mablag‘ edi;
  • SSSR kompartiyasi bosh kotibi Nikita Xrushchevning o‘z tuflisi bilan stolni qayta-qayta urganiga oid fakt bo‘yicha ko‘p tortishiladi. Kimdir u shunchaki yechilib ketgan tuflisini qo‘lga olib qayta kiygan desa, yana kimdir Buyuk Britaniya vakilining SSSRga nisbatan yoqimsiz so‘zlariga javoban stolni «savalagan» deydi. Har qanday holatda ham BMTda bahsli mavzular muhokamasi boshlansa, «Xrushchev botinkasi» atamasi qo‘llanadi;
  • BMTda odatda sipo liboslarda yurilsa-da, ayrim millat va elatlar vakillari milliy liboslarda tashrif buyuradilar. Ayniqsa, Papua Yangi Gvineya vakilining BMT rasmiy tadbiriga o‘ziga xos libosda (aniqrog‘i, deyarli liboslarsiz) kelgani juda ko‘pchilikning diqqatini tortgan;
  • Barcha davlatlarga teng huquq berish prinsipi asosida BMTda aksariyat a'zolar g‘azabiga uchragan davlatlar rahbarlariga ham so‘z beriladi. Turli davrlarda bu minbardan Muammar Qazzofiy, Ugo Chaves, Mahmud Ahmadinajot nutq irod qilgan. Aslida, bunday insonlar soni juda ko‘p. Bu uchovlon eslanishining sababi Liviya rahbari Muammar Qazzofiy «viruslar tarqatiladi va ularga qarshi dorilar katta pulga sotiladi» degani, Venesuela prezidenti Ugo Chaves AQSh prezidenti Jorj Bushga qarata «Hozirgina iblisni ko‘rdim» deya cho‘qingani, Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajot 11 sentabr teraktlarini AQShning o‘zi uyushtirganini va Isroilni AQShga ko‘chirib yuborish zarurligi haqida va'z o‘qiganida esa zalda o‘tirganlarning aksariyati norozilik belgisi sifatida chiqib ketgani bo‘lgan.

Abror Zohidov

Top