16:25 / 28.10.2020
1700
Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri o‘zi joriy qilgan karantin talablarini buzgani sababli iste'foga chiqdi

Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri Roman Primula koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zi joriy qilgan choralarni buzgani tufayli iste'foga chiqmoqda.

Foto: radio.cz

29 oktabr kuni Chexiya prezidenti Milosh Zeman shifokor Yan Blatnini Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi rahbari etib tayinlaydi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi. Blatni hozirda Brno shahridagi klinikaning direktor o‘rinbosari sanaladi. 

Ishdan ketayotgan vazir bilan bog‘liq mojaro o‘tgan hafta avj oldi. 22 oktabr kuni kechqurun Blesk nashri jurnalistlari siyosatchining restorandan chiqib kelayotganini va tibbiy niqobsiz holatdaligini suratga tushirishgan. 14 oktyabrda koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish maqsadida hukumat qarori bilan mamlakatdagi barcha umumiy ovqatlanish muassasalarining ishi to‘xtatilgan. Ovqatni deraza orqali va faqat kechki soat 8gacha sotish mumkin. 

Kasbi bo‘yicha epidemiolog hisoblangan Primula qat'iy karantin choralari tarafdori sifatida tanilgan. Lokdaun joriy etilishidan oldin u mamlakat aholisi o‘z xatti-harakatini qayta ko‘rib chiqmagani va muloqotni cheklamaganligidan shikoyat qilgan. Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari o‘zining televizion murojaatida fuqarolarni koronavirus cheklovlariga qat'iy rioya qilishga chaqirgandi. 

Blesk nashri xabariga ko‘ra, Primula soat 22:00 atrofida restoranga kirgan va u yerdan 23:30da chiqqan. Vazir mashina eshigini ochib turgan haydovchi yonida ham, mashina salonida ham niqob taqmagan. Restoranda u bilan birga deputatlar raisi Yaroslav Faltinek va restoran egasi Raymond Shpunda bo‘lgan.
 
Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy etilgan va hukumat tomonidan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, mamlakat aholisi nafaqat yopiq joylarda, balki ko‘chada ham boshqa piyodalarga ikki metrdan yaqinroq masofaga yaqinlashganda, shuningdek, avtomobilda haydovchi va yo‘lovchi bir oilaning a'zosi bo‘lmasa, niqob taqishi shart. 

28 oktyabrdan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligining qarori bilan mamlakatda tunda komendantlik soati joriy etildi. 

Top