15:06 / 28.10.2020
1359
«Jami band aholining 58 foizi norasmiy sektorda» – vazirlik

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudov kasbga tayyorlash markazida fuqarolarni kasbga o‘qitish va bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash tartibi haqida ma'lumot berdi.

«Fuqarolarni kasbga o‘qitish birinchi navbatda mehnat bozorining talabidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Biz asosiy uchta talabni qo‘yamiz. Birinchisi, ish beruvchi tashkilotlarning talabi. Korxona bizga shu yo‘nalish, masalan, tikuvchilik, bichuvchilikka mana shuncha mutaxassis kerak degan talabni beradi. Mana shu talabga asosan o‘qitamiz. O‘qitganimizdan keyin ular to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga joylashadi.

Ikkinchi yo‘nalish ham bor. O‘zbekistonda mehnat bozorida norasmiy bandlik yuqori. Ya'ni jami band aholining 58 foizi norasmiy sektorda band. Bu degani fuqaroning o‘zi ham «meni mana shu yo‘nalishda o‘qitsangiz, ertaga ishga joylashib ketishim aniq» deb hisoblaydi. Bu bo‘yicha ham biz ularning talabini qondiramiz.

Uchinchisi, har yillik investitsiya dasturlari, yangi ish o‘rinlarini yaratish dasturlari, ya'ni har bir hudud, tuman, shaharda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlarining prognozi, rejalar qilinadi. O‘sha korxonalar uchun kasbga o‘qitishga buyurtma shakllantiriladi va shakllantirilgan buyurtma asosida o‘qitiladi.

Kasbga o‘qitib, qayerdan ish topsang, top deb chiqarib yuborish bo‘lmaydi», dedi Temur Mahmudov AOKAda «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning ahamiyati va sohaga oid eng dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Top