15:08 / 28.10.2020
60043
Metan «zapravkalar» sutkasiga 12 soat ishlamaydigan tartib joriy qilinmoqda

1 noyabrdan boshlab, Toshkent shahridagi 54ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari soat 19.00dan 7.00gacha belgilangan grafik asosida ishlamaydi. Ushbu tartib aholini bir maromda tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida joriy etilmoqda.

Energetika vaziri Alisher Sultonov imzolagan vazirlik buyrug‘i bilan shu yilning 1 noyabridan e'tiboran Toshkent shahri aholisi, ijtimoiy soha muassasalari va strategik obektlarni bir maromda tabiiy gaz bilan ta'minlash uchun poytaxt yuqori bosimli gaz quvurlariga ulangan jami 54ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari grafik asosida, soat 19.00dan 7.00gacha tabiiy gaz ta'minotidan uziladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining yuqori bosimli gaz quvurlariga ulangan yirik ulgyrji iste'molchilari «sanoat kollektori»ga o‘tkaziladi. Ular bu bo‘yicha 3 kun muddatda yozma ogohlantirilishi ma'lum qilindi. Shuningdek, g‘isht, ohak va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yirik sanoat korxonalariga joriy yil 1 noyabrdan boshlab tabiiy gaz yetkazib berilishi to‘xtatiladi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, AGTKSning sutkasiga 12 soat ishlashi faqat Toshkent shahrida joriy etilmagan. Bunday tartib Andijon va Farg‘ona viloyatida ham mahalliy hokimiyat tashabbusi bilan joriy etilishi kutilmoqda.

«Bugun, 28 oktabr kuni «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta'minoti filialida yig‘ilish bo‘ldi. Hamma yangi grafik bilan tanishtirildi, keyin tanishgani haqida imzo qo‘ydirildi», — deydi Kun.uz manbasi.

Energetika vazirligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, metan gaz quyish shoxobchalarining bunday ishlash tartibi faqat Toshkent shahrida joriy etiladi. Bunga havoning keskin sovib ketishi va aholini bir maromda tabiiy gaz bilan ta'minlash masalasi sabab bo‘lgan.

Vazirlikning bildirishicha, ushbu tartib noyabr oyi oxiriga qadar amal qiladi. Tasdiqlangan grafikka asosan poytaxtdagi 54ta metan gaz quyish shoxobchalari 3 guruhga ajratilgan bo‘lib, barcha AGTKS birdan sutkasiga 12 soat ishlamasligiga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Ularning 18tasi grafik bo‘yicha birinchi kunda, keyingi kunda ikkinchi guruhdagi 18ta AGTKS sutkasiga 12 soat ishlaydi va shu zaylda ish tashkil etiladi», — deydi vazirlik matbuot kotibi.

Top