12:37 / 28.10.2020
15269

Vazirliklardagi yosh rahbarlar va xotin-qizlar ko‘rsatkichi ma'lum qilindi

Olib borilgan tahlillarga ko‘ra, 20 ta vazirlikning markaziy apparatida faoliyat yuritayotgan 849 nafar yoshlardan 121 nafari (14,3 foizi) mas'ul (rahbar) lavozimlarni egallagan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (47,3 foiz) va eng past ko‘rsatkich Sog‘liqni saqlash vazirligi (0 foiz) hamda Tashqi ishlar vazirligida (0 foiz) kuzatilmoqda. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Agentlik direktori o‘rinbosari o‘z feysbuk sahifasi orqali shu yilning mart oyi holatiga vazirliklarning markaziy boshqaruv apparatida faoliyat yuritayotgan yoshlar va xotin-qizlar ulushi bo‘yicha tahlil natijalarini ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, 20 ta vazirlikning markaziy apparatida faoliyat yuritayotgan 849 nafar yoshlardan 121 nafari (14,3 foiz) mas'ul (rahbar) lavozimlarda ishlab kelmoqda.

«Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (47,3 foiz) va eng past ko‘rsatkich Sog‘liqni saqlash vazirligida (0 foiz) hamda Tashqi ishlar vazirligida (0 foiz) kuzatilmoqda», – deyiladi postda.

Dilnoza Kattaxonovaga ko‘ra, tahlil qilingan 20ta vazirlikning markaziy apparatida (boshqarmalar hisobga olinmagan) ishlayotgan xotin-qizlar ko‘rsatkichi ham turlicha ko‘rinish olgan.

«Bunda jami 20ta vazirlikda ishlab kelayotgan 849 nafar yoshlardan 210 nafarini (24,7 foiz) yosh xotin-qizlar tashkil qiladi. Masalan, gender tengligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Suv xo‘jaligi vazirligida (65,2 foiz), Adliya vazirligida (50 foiz) bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Iqtisodiyot va sanoat vazirligida (4,3 foiz), Tashqi ishlar vazirligida (4,8 foiz), Jismoniy tarbiya va sport vazirligida (6,7 foiz), Qishloq xo‘jaligi vazirligida(6,9 foiz) tashkil qilyapti», – deb yozadi u.

Kun.uz muxbiri ushbu raqamlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot olish uchun Kattaxonovaning o‘zi bilan bog‘langanda, agentlik rahbari O‘zbekistonda qizlarning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi bo‘yicha tahlillarni ham taqdim qildi.

Unga ko‘ra, hozirda umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlarning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi juda past darajada qolmoqda.

Bunda umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlarning bor-yo‘g‘i 10 foizi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan bo‘lsa, qolgan 90 foiz qizlar mehnat bozorida yoki uy yumushlari bilan shug‘ullanadi, mustaqil, yakka tartibda ta'lim oladi.

Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida o‘qishga hujjat topshirgan qizlar soniga nisbatan talabalikka tavsiya etilgan qizlar ko‘rsatkichi eng yuqori (18-17 foiz), Toshkent viloyatida esa eng past (6 foiz) (eng yuqori ko‘rsatkichga ega hududlardan 3 barobar kam) tashkil etadi.

Bunda o‘rganishlar Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa va So‘x tumanlari, Navoiy viloyatining Tomdi tumani, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani, Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani, Andijon viloyatining Qorasuv tumanida qizlarning oliy ta'lim muassasalarida tahsil olishga qiziqishi past ekanligini ko‘rsatgan.

«Bu esa o‘z navbatida mazkur hududlarda yosh xotin-qizlar kelajakda raqobatbardosh kadrlar sifatida o‘zlarini namoyon qilishlari murakkab kechishini ko‘rsatib turibdi», – dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari.

Top