14:59 / 29.10.2020
3962
Jahon bozorida oltinga bo‘lgan talab 2009 yildan buyon eng quyi ko‘rsatkichga tushib ketdi
Foto: EPA/JEON HEON-KYUN

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqiroz tufayli 2020 yilning 3 kvartalida dunyo bozorida oltinga bo‘lgan talab o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foiz – 892 tonnagacha kamaydi. Butun jahon oltin kengashining (World Gold Council, WGC) hisobotiga ko‘ra bu 2009 yildan beri kuzatilgan eng past choraklik ko‘rsatkichdir.

Ushbu chorakda oltin taklifi esa 3 foizga qisqargan. 2020 yilning boshida ham ushbu metallga bo‘lgan talab o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga kamroq (2,97 ming tonna) bo‘lgan edi.

Shu sababli uchinchi chorakda oltinga bo‘lgan investitsiyaviy talab 20 foizga o‘sib ketgan. Ushbu davrda dunyo bo‘ylab investorlar 222,1 tonna oltin quymasi va oltin tangalar sotib olgan. Asosiy o‘sish ko‘rsatkichlari g‘arb bozorlarida emas, Xitoy va Turkiyada kuzatilgan. Bundan tashqari investorlar qo‘shimcha tarzda oltin bilan ta'minlangan fond birjalari orqali yana 272,5 tonna oltin sotib olishgan.

Butun jahon oltin kengashi tahlilchisi Luiza Stritning so‘zlariga ko‘ra, oltin – ushbu chorakda o‘zgaruvchan bozorlardan barqarorlik qidirayotgan turli investorlarning puli uchun «boshpana» vazifasini o‘tab bermoqda.

Tashkilotning yana bir mutaxassisi Jon Malliganning bilidirishicha, koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqiroz oqibatlarini baholashga hali erta bo‘lsada, turli tavakkalchilik va muammolarning paydo bo‘lish ehtimoli investorlarni oltinga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.

Top