23:48 / 29.10.2020
76710
Qur'oni karimga hurmatsizlik qilib, bu haqda video tarqatgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

29 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini dahriy sifatida tanishtirib, Qur'oni karimning ma'nolari tarjimasini tahqirlagan shaxs videolavhasi tarqaldi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ushbu shaxs aniqlanib, ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 156-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Ushbu holatda fuqaro aybdor deb topilgan taqdirda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

IIV axborotida ayblanuvchi haqida ma'lumotlar ochiqlanmagan. Shu bilan birga, u Namangan viloyati Mingbuloq tumanidan bo‘lgan Sh.T. emasligi ta'kidlab o‘tilgan.

«Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik kabi azaliy an'analarimizga kundalik hayotimizda amal qilishlarini hamda muqaddas dinimizni oyoqosti qilib, aholi orasida ixtiloflar keltirib chiqarishga bo‘lgan urinishlar uchun qonunda javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tamiz», – deyiladi rasmiy relizda.

Top