17:14 / 30.10.2020
15594
Bartomeuning kutilmagan paytdagi kutilgan iste'fosi. Aslida nima sabab bo‘lgandi?

Bir necha yil oldin, klubda qolish uchun har qanday yo‘ldan qaytmagan va bu yo‘lda Messini ham qurbon qilishga tayyor bo‘lgan Bartomeu nega birdaniga, o‘z ixtiyoriga ko‘ra iste'foga chiqdi? Unga ishonchsizlik votumi natijalarini yoki yangi prezidentlik saylovlarini kutishga nima xalaqit berdi? Rostan ham Bartomeu o‘z ixtiyori bilan ketdimi? Aslini olganda, hammasi murakkab bo‘lib, prezidentning saylovlargacha yetib bormasligi haqiqatga yaqin, iste'fo esa, shunchaki, vaqt masalasi edi.

Foto: Gonzalo Arroyo Moreno/Getty Images

Nima bo‘ldi?

Jozep Bartomeuning iste'fosi – boshqaruv muddati yakunlanmasdan turib postini tark etishga majbur bo‘lishi klubda so‘nggi besh prezidentdan to‘rtinchi holat. Bundan oldin Luis Nunes, Joan Gaspar va hozirda qamoqda o‘tirgan Sandro Rossel ham bu «baxt»dan mosuvo bo‘lishmagan. Faqat Joan Laporta so‘nggi kunlargacha boshqaruvda qoldi – aynan u klubga Ferran Soriano, Cheki Bagiristayn kabi top-menejyerlarni, shuningdek, Pep Gvardiolani jalb qilgan, Barselonaga trebl olib kelgandi. 

Qizig‘i, Bartomeu davrida ham trebl bor, ammo Laporta davrida bu tarixiy g‘alaba bir qator aqlli qaror va rejalar natijasi bo‘lsa, Bartomeu davridagi ko‘proq tasodif va Laportaning merosi yordamida qo‘lga kiritilgan.

Bartomeu «Barselona»ni dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri sifatida qabul qilib olib, bir qator g‘alati va shubhali yollanma ishchilar guruhiga aylantirdi va har yili Chempionlar Ligasini sharmandalarcha tark etmoqda.

Bartomeu «Barselona»ni dunyodagi eng badavlat klublardan biri sifatida qabul qilib, endi, yangi futbolchilar sotib olish yoki tarkibidagi yulduzlarga maosh to‘lash imkonini ham topa olmayotgan inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi.

Bartomeu merosi – o‘tgan mavsumda birorta ham sovrin yuta olmaslik, «Roma», «Liverpul» va «Bavariya»dan uchralgan sharmandali mag‘lubiyatlar, La Masiyaga bo‘lgan e'tiborsizlik, Messi bilan ziddiyat, o‘z futbolchilarini tanqid qilish uchun jurnalistlarni yollash kabi chirkin qarorlar, hakamlar bilan janjallar...

Nega Bartomeu muddatidan oldin ketdi?

Ochiq ko‘rinib turgan muvaffaqiyatsizlik va noroziliklar fonida ham Bartomeu sobit tura olishini Messi bilan bog‘liq mojarolarda ham ko‘rgandik.

Bartomeu bir kun oldin: «Men klubni yetarli tajribaga va salohiyatga ega bo‘lmagan bir guruh insonlarga tashlab ketishni xayolimga ham keltirmaganman»

Bartomeu ertasi kuni: «Iste'foga ketishga qaror qildim»

Bartomeu shaxsiyati mana shu ikki jumlada ko‘rinadi. Prezident iste'fosi uchun ishonchsizlik votumi tashkilotchilaridan biri Jordi Farre aytganidek, «uni faqat Rim Papasining kechirishi yoki birorta meteorit kelayotgani haqidagi NASA bayonoti qutqarib qolishi mumkin» edi xolos.

Bir kunda nima o‘zgardi? Kataloniya jyeneraliteti klub prezidentiga bo‘lgan ishonchsizlik referendumini o‘tkazish mumkinligi haqida qaror chiqardi.

Bu shunday jarayonki, agar jamoa muxlislari tomonidan yetarli imzo yig‘ilsa, prezident muddatidan ilgari, referendum natijalari orqali ishdan ketishi mumkin. Muxlislar o‘sha yetarli imzoni yig‘dilar va endi, Bartomeuning ketish yoki qolishi borasida referendum o‘tkazish qolgandi.

Bartomeu muxtoriyatning asosiy organi ushbu referendumni o‘tkazishni taqiqlashidan umid qilgandi. Ya'ni u pandemiya sharoitida ko‘pchilikning bir yerga to‘planishi noto‘g‘ri ekanini ilgari surib, bundan foydalangan holatda yana o‘z kursisida qolmoqchi bo‘ldi. Shu darajadaki, «Barselona»ning o‘rtacha yoshi 58 yoshni tashkil qiladigan rasmiy muxlislar guruhi – «sosos»ning sog‘lig‘i uchun qayg‘urayotgandek ko‘rsatdi.

Hokimiyat referendumga ruxsat bergach esa, uning natijasida mag‘lubiyat muqarrar ekanini bilgan Bartomeu yuqoridagi holatni yana o‘z foydasiga ishlatdi va go‘yoki, vaziyatdan qurbon sifatida chiqib ketdi.

«Biz muxlislarning salomatligi va referendum o‘rtasida tanlashga majbur bo‘ldik. «Sosos»ning sog‘lig‘i muhimroq deb bilgan holda, tadbir o‘tkazilmaydi va o‘zimiz iste'foga chiqamiz», dedi Bartomeu.

«Barselona»ni kim boshqaradi?

Agar direktorlar kengashi butun tarkib bilan iste'fo beradigan bo‘lsa, qoidaga ko‘ra, prezidentlik vazifasini vaqtincha Iqtisodiy komissiya boshlig‘i, ya'ni Karles Tuskets qo‘lga oladi. U Trea Capital va Banco Mediolanum kompaniyalarini boshqaradi.

Tuskets «Kamp Nou»ga 27 yoshida kelgan. U paytlarda klubni Jozep Luis Nunes boshqarardi. Aynan u endilikda, muhim davrda «Barselona» klubida yangi saylovlarni o‘tkazishda javobgar bo‘ladi. Yangi prezidentlik saylovlari maksimum 3 oy ichida tashkil etilishi kerak.

Asosiy nomzodlar sifatida Joan Laporta, Viktor Font (Xavini olib kelmoqchi), Jordi Farre (ishonchsizlik votumi tashkilotchisi) va Bartomeuning sobiq sherigi Toni Freysh tilga olinmoqda. 

Top