16:00 / 30.10.2020
9104

Japarov mamlakatdagi vazirlik va idoralar sonini qisqartirmoqchi

Sadir Japarov kadrlar xizmatiga "butun davlat boshqaruv tizimini qayta tuzish" topshirig‘ini berdi.

Foto: gov.kg

Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov vazirlik va idoralar sonini qisqartirish hamda davlat boshqaruv tizimini qayta tuzish niyatida ekanligini ma'lum qildi. Bu haqda respublika hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

"Biz vazirlik va idoralar sonini minimumgacha qisqartirishimiz lozim. Olingan ta'lim egallangan lavozimga qat'iyan muvofiq bo‘lishi shart. Injyener shifokor, o‘qituvchi esa moliyachi bo‘lolmaydi. Har bir kishi o‘z o‘rnida foyda keltirishi lozim", - dedi Japarov.

Japarov kadrlar xizmatiga "butun davlat boshqaruv tizimini qayta tuzish" topshirig‘ini berdi.

"Mustaqillikning 30 yilligi davomida mamlakat kadrlar boshboshdoqligiga botib qoldi, odamlar lavozimga malakaviy talab bo‘yicha emas, balki qarindoshligi bo‘yicha tayinlandi. Tanlovlar yopiq eshiklar ortida o‘tkazilib, iqtisodchi lavozimiga gumanitar mutaxassislikka ega odam olindi", - dedi u.

15 oktabr kuni Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston prezidentligidan iste'foga chiqqandi.

Prezidentning iste'fosidan keyin, Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat rahbarining barcha majburiyatlari parlament spikeri Kanat Isayevga o‘tishi kerak edi. U bu vakolatdan voz kechgach, prezidentlik vakolatlari Sadir Japarovga o‘tdi.

Japarov 10 yanvarda bo‘lib o‘tadigan muddatidan avvalgi prezident saylovida ishtirok etish uchun vakolatlaridan voz kechmoqchi ekanligini ma'lum qildi.

Top