12:32 / 30.10.2020
14327
Qoraqalpog‘istonda nikohga kirish uchun o‘g‘irlangan ayol IIBga murojaat qildi, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

2020 yilning 13 oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida 30 yoshli D.Ye. tanishlari, 29 yoshli R.J. va 30 yoshli P.B. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 24 yoshli G.S. (ayol)ni o‘g‘irlab ketgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, bu shaxslar Qanliko‘l tumani Madeniyat MFY Sari-oltin ko‘chasi chorrahasida, ayol uyiga qaytayotganligidan foydalanib, uning orqasidan borib kuch ishlatishgan. Ular G.S.ni Nexia-2 rusumli avtomashinaga majburan mindirib, Qonliko‘l tumani Bo‘ston OFYda joylashgan uyga olib borishgan.

Holat yuzasidan G.S. tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilgan. Hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi xodimlari chiqib, ko‘zdan kechirish va boshqa tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazishgan. D.Ye.ning nomida bo‘lgan Nexia-2 rusumli avtomashina daliliy ashyo tariqasida olinib, tegishli tartibda muhrlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qanliko‘l tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 136-moddasi 1-qismi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib bormoqda.

Top