08:26 / 30.10.2020
9557
Samarqandda monolit usulda ilk avtomobil yo‘l o‘tkazgichi qurilmoqda

Mazkur inshootni bunyod etishdan ko‘zlangan maqsad Samarqand shahrida transport infratuzilmasini yanada yaxshilash hamda yangi qurilayotgan «Samarqand citi» hududiga keladigan sayyohlar va fuqarolarga qulaylik yaratishdir.

Samarqand shahridan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining 1083-kilometrida yangi yo‘l o‘tkazgich «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «Ko‘prikqurilishloyiha» korxonasi hamda Rossiyaning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlangan loyiha asosida barpo qilinmoqda.

Loyihaga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichning balandligi 5,5, uzunligi 110, kengligi esa 28,9 metrni tashkil etib, inshootdan ikki tomonga yo‘nalish bo‘ylab ikkita s'yezd mavjud. Ushbu yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirilgach bir soatda qariyb 600ga yaqin, bir sutkada esa 14 mingta avtomobilni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Amalga oshirilayotgan loyihaning oraliq qurilmasi kesimsiz uch oraliqli balka bo‘lib, qurilish balandligi bo‘yicha o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ikki chetidagi oraliq qurilmaning uzunligi 33 metr, o‘rtadagi oraliq qurilmaning uzunligi esa 42 metrdan iborat bo‘ladi. Mazkur yo‘l o‘tkazgichga jami 6000 metr kub beton yotqizish ishlari mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 3000 metr kub beton yotqizildi.

Deformatsion choklar rezina-metalli qoplama turidan iborat bo‘lib, o‘tkazgichning eni va uzunligi bo‘ylab harakatlanishiga imkoniyat beradi va avtomobillarning tekis va ravon harakatlanishiga zamin yaratadi. Mutaxassislarning aytishicha, bunday deformatsion choklar birinchi marotaba ishlatilmoqda. 

Monolit oraliq qurilma ham yaxlit havozalarda 2 bosqichda quriladi. Dastlab bir yo‘nalishda uchta harakat yo‘li, ikkinchi yo‘nalishda xuddi shuncha harakat yo‘li quriladi. Ushbu yo‘l o‘tkazgich qurilishini «Ko‘prikqurilish tresti» korxonasining 200 nafar mutaxassisi zamonaviy texnika va uskunalardan foydalangan holda amalga oshirmoqda.

Top