19:31 / 30.10.2020
27543
Sud avtomobillar narxi masalasida UzAuto Motors foydasiga qaror chiqardi

Toshkent shahar ma'muriy sudi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi 19 avgustda chiqargan qarorni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida «UzAuto Motors» AJ kiritgan shikoyat arizasini qanoatlantirdi.

Sudning 30 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, qo‘mitadan kompaniya foydasiga shikoyat keltirishda to‘langan davlat boji (2 230 000 so‘m) va pochta xarajatlari (20 ming so‘m) undiriladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Antimonopoliya qo‘mitasi sud qarori ustidan shikoyat qilishini bildirgan.

Oliy Majlisning bir necha deputati va MQKQ monopol korxonani «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunni buzishda, avtomobillar narxini 3 mln so‘mdan 19,8 mln so‘mgacha asossiz oshirganlikda ayblamoqda. O‘z navbatida, kompaniya ayblovlarni rad etgan.

O‘tgan hafta uch nafar deputat Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasiga so‘rov yubordi. Ularning gumonicha, «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ xorijdan biznes klassidagi avtomobillarni tayyor holda import qilishda import boji va utilizatsiya yig‘imini to‘lamayotgan bo‘lishi mumkin.

Top