11:52 / 31.10.2020
9364

“Agar Bayden g‘alaba qozonsa, AQShda elektr energiyasi, maktablar, to‘y va bayramlar bo‘lmaydi” – Tramp

Agar demokratlarning nomzodi Jozef Bayden 3 noyabr kungi saylovlarda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, amerikaliklar qishda elektr energiyasi va isitish tizimidan mahrum bo‘ladi. Bunday fikrni AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp juma kuni Viskonsin shtatidagi saylovchilari bilan uchrashuvida aytdi. Uning chiqishi mahalliy kanallarda jonli efirga uzatildi.

Foto: Reuters

“Bayden butun AQSh neft sanoatini yo‘q qilishga qasam ichgan. Freking (yer qatlamlarini gidravlik parchalash orqali uglevodorodlarni qazib olish – tahririyat) ham, energiya yetkazib beruvchilar ham bo‘lmaydi.

…Qishda isitish tizimi bo‘lmaydi, yozda esa konditsionerlar ishlamaydi, elektr energiyasi ham bo‘lmaydi. Baxtingizga men sizlarning prezidentingizman”, – degan Tramp.

Bir qancha vaqtdan keyin Minnesota shtatidagi chiqishida Donald Tramp yuqoridagi ro‘yxatni yana kengaytirdi: “Maktablar ham, bitiruvchilar ham, to‘ylar ham, Shukronalik kuni ham, Rojdestvo va Mustaqillik kuni ham bo‘lmaydi. Amerikalik yoshlarda kelajak bo‘lmaydi”.

Minnesota gubernatori Tim Uolz tomonidan kiritilgan cheklov choralari tufayli kamroq saylovchilar bilan ko‘rishgan Tramp merni ham tanqid qildi: “Sizlarning demokrat meringiz bizning ushbu uchrashuvimizga ruxsat bermaslikka harakat qildi”. Uning Minnesota shtati saylovchilari oldidagi nutqi atigi 20 daqiqa davom etdi. Xuddi shu kuni Viskonsin va Michigan shtati saylovchilari oldida Tramp 70 daqiqadan nutq qilgan edi.

Donald Tramp avval ham agar Bayden g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, u uglevodorodlar qazib olishga bir qancha cheklovlar kiritishini aytib o‘tgan edi. Eslatib o‘tamiz, AQShda umummilliy prezident saylovlari 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Top