18:38 / 31.10.2020
5472
Andijon shahridagi serqatnov ko‘chaga zamonaviy yer usti ko‘prigi qurilmoqda

Andijon shahri markazidagi Registon maydoni va Markaziy dehqon bozori atrofidagi ko‘chalarda doim tirbandliklar yuzaga kelib, haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklar yuzaga kelayotgan edi. Mazkur muammoli holatni hal qilish maqsadida Mustaqillik ko‘chasining Registon maydoni va Markaziy dehqon bozori o‘rtasiga zamonaviy ko‘rinishdagi yer usti ko‘prigi bunyod etilmoqda.

“Mazkur ko‘prikning balandligi 7, uzunligi 48 metr bo‘lib, inshoot aholiga qulaylik yaratish bilan birgalikda, shahar husniga ko‘rk qo‘shadigan zamonaviy arxitektura yechimiga ega bo‘ladi. Respublika budjetidan 2 mlrd, 713 mln miqdorida ajratilgan mablag‘ evaziga bunyod etilayotgan mazkur ko‘prik qurilish ishlari “Andijon ko‘priklardan foydalanish” korxonasi tomonidan olib borilmoqda. Yer usti ko‘prigining alohida jihatlaridan biri shundaki yuqoriga ko‘tarilishi qiyin bo‘lgan nuroniylar va boshqa imkoniyati cheklangan insonlar uchun ikki tomoniga lift quriladi”,  – deydi Andijon shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod To‘raqulov.

Qurilish ishlarini olib borayotgan “Andijon ko‘priklardan foydalanish” korxonasi vakillari yer usti ko‘prigi 2021 yilning fevral oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilganligini ma'lum qildi.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov

Top