08:30 / 31.10.2020
9684

Endi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tish onlayn tarzda rasmiylashtirilishi mumkin

Endilikda fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish Yagona portaldagi (my.gov.uz) “Fuqarolik” turkumida ham rasmiylashtirilishi mumkin.

Yagona portal xabariga ko‘ra, mazkur xizmat orqali ko‘chmas mulk obektiga egalik huquqi bir shaxsga tegishli bo‘lgan obektlarda doimiy ro‘yxatga turish mumkin. 

Xizmatdan quyidagi toifalardagi fuqarolar foydalanishlari mumkin:

1) Qonun hujjatlariga muvofiq olingan uy-joyga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari — xususiy mulk qilib olingan uy-joyga;

2) Toshkent shahrida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda;

3) Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda.

Xizmat avtomatlashtirilgan va 1 ish kunida taqdim etiladi. 

Xizmatni taqdim etish narxi – BHMning 2 foizi, Yagona portal orqali xizmat ko‘rsatilganda esa dastlabki narxdan 10 foiz arzondir.

Top