12:38 / 31.10.2020
4551
O‘zbekiston va Turkiya koronavirusga qarshi turk vaksinalarining uchinchi bosqich sinovlarida hamkorlik qilishi mumkin

Istanbulda  Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sog‘liqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning xabar qilishicha, anjuman doirasida Alisher Shodmonov Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja bilan muloqot o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Turkiya Sog‘liqni saqlash sohasida mustahkam hamkorlik o‘rnatgan. O‘tgan yil kuzda Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘zbek-turk biznes forumi doirasida Faxruddin Qovja respublikaga tashrif buyurib, qator ikki tomonlama manfaatli kelishuvlar imzolangan edi. 

Muloqot davomida Faxruddin Qovja mamlakatda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, koronavirusga qarshi kurash borasidagi chora-tadbirlar haqida to‘xtalib, ushbu masalalarda mamlakatlar hamkorligi ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta'kidladi.

O‘z navbatida, Alisher Shodmonov turk qardoshlarning mamlakat tibbiyotiga kiritadigan investitsiyalari, o‘zbek va turk mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishlari soha rivojiga ijobiy ta'sir qilayotganini e'tirof etdi. Pandemiya davrida qardosh davlat tomonidan mamlakatga berilayotgan madad uchun minnatdorchilik bildirdi.

Muloqot davomida qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan:

  • farmatsevtika va tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga investitsiyalar jalb etish;
  • koronavirusga qarshi kurashda malakali turk mutaxassislarini yurtimizga taklif etish;
  • koronavirusga qarshi turk vaksinalarning uchinchi bosqichi sinovlarida birgalikda harakat qilish;
  • tibbiy ta'limda o‘zaro hamkorlik;
  • ikki mamlakat mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishi kabi qator masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Alisher Shodmonov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sog‘liqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi qo‘mita yig‘ilishi doirasida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dad Amreyev, shuningdek, bir qator turk investorlari bilan muloqot o‘tkazdi.

Top